AQSh iqtisodiyoti ancha jonlangan, moliyaviy nazorat oshirilmoqda

  • Amerika Ovozi

Obama ma’muriyati Amerika iqtisodiyoti inqirozdan chiqayapti deya ishonch bildirmoqda. Lekin ishsizlik darajasi hamon yuqori.

Bu mamlakatda iqtisod o’tgan bir yil ichida ancha o’ziga kelib olganini yirik sanoatlar daromad ola boshlanaganidan, katta banklar hukumatdan olgan qarzini to’lab bo’lganidan ham bilish mumkin.

Biroq krizis davrida ishini yo’qotgan amerikaliklar uchun imkoniyatlar hamon oz. Moliya vaziri Tim Gaytner yaqin kelajakda vaziyat yaxshilanadi deydi.

“Inqirozni yengayotganimizni xususiy sarmoya miqdori oshganidan ko’rish mumkin. Bizneslar kengayapti. Bu degani ish o’rinlari yaratilayapti”,- deydi vazir.

O’tgan ikki yil, deydi Timoti Gaytner, AQSh uchun murakkab bir sinov davri bo’ldi. Dunyodagi eng kuchli iqtisodiy tizim negizida muammolar talay ekani oshkor bo’ldi va ularni bartaraf etish uchun uzoq muddatni ko’zlovchi islohot dasturi ishlab chiqildi. Maqsad, deydi moliya vaziri, inqirozlarning oldini olish.

“Byudjet kamomadi 1,3 trillion dollarni tashkil etganidan ko’rdikki, moliyaviy siyosatni o’zgartirmasak bo’lmaydi. Barak Obama prezidentlikka kelganida iqtisodiyotimiz jar yoqasida edi. Millionlab amerikaliklar ishidan ayrilayotgan edi. Hamma qarzga botgan edi: fuqarolar, xususiy sektor va hukumatning o’zi”,- deydi vazir.

O’tgan hafta AQShda yangi iqtisodiy dastur ma’qullandi. Uning asosida endi moliyaviy sistema ustidan nazorat, kredit berish va olish talablari kuchaytiriladi.

Inqirozga, deydi moliya vaziri, son-sanoqsiz muammolar qatorida mas’uliyatsizlik, loqaydlik va tavakkal qilishga berilish hollari yetaklagan.

“Yangi qabul qilingan qonun eng avvalo fuqarolar manfaatini ko’zlaydi”,- deydi Tim Gaytner.

“Kredit kartochkalar olayotganingizda shart va qoidalar boshidan ochiq-oydin tushuntirilishi kerak. Kompaniyalar sizga bildirmay yashirin usullar orqali ko’proq foiz talab qila olmaydi. Uy-joy sotib olish uchun qarz olinayotganida, qolaversa har qanday moliyaviy shartnoma imzolanayotganida qo’yiladigan talablar aniqlashtirilgan. Har bir shaxsga uning moliyaviy qurbiga qarab kredit berish ta’minlanadi”, - deya tushuntiradi vazir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG