Quyosh energiyasi an’anaviy elektr quvvati bilan raqobatlasha oladimi?

  • Amerika Ovozi

Yillar davomida qimmat sanalgan quyosh energiyasi endi arzonlashib, ommaviylashmoqda. Zamonaviy texnologiya quyosh batareyalari samaradorligini oshirish va narxini pasaytirish imkonini berdi. Ayni vaqtda an’anaviy energiya turlari, xususan elektr toki qimmatlashar ekan, muqobil manbalarga o’taman deganlar ham ko’paymoqda. Xo’sh, quyosh energiyasi an’anaviy elektr quvvati bilan raqobatlasha oladimi?

Vashingtonlik nafaqaxo’r-shifokor quyosh energiyasiga o’tish haqida o’n yil o’yladi, ikkilandi. Hozir esa unga o’tganidan xursand.

Jon Desmarto elektr kompaniyasidan 85 foizga kamroq quvvat olayotganini, natijada 200 dan ortiq daraxt saqlanganini aytadi.

“Aslida 2014-yilning aprel-may oylarida faqat quyosh batareyalari quvvatini ishlatdik, elektr tokini emas”.

Desmarto yashayotgan uyning tomida o’rnatilgan 39 ta fotoelektr batareya keragidan uch baravar ko’p quvvat ishlab chiqaradi, konditsioner to’xtovsiz ishlab tursa ham.

Oftob quvvatidan foydalanish ham tabiat uchun bezarar, ham ko’p pul tejaladi.

Sanoat hali ham rivojlanish bosqichida, biroq “AstrumSolar” kabi kompaniyalar mijozlarga quyosh energiyasiga o’tishni osonlashtirmoqda.

“Ko’p joylarda, xususan, mamlakatning sharqiy va g’arbiy sohillarida quyosh batareyalarini bepul o’rnatish imkoni paydo bo’ldi. Ularni sotib olmaysiz, ijaraga olasiz va egasiga har oy pul to’lab turasiz. Elektr energiyasi va gaz to’lovlaridan kamxarajatroq,” - deydi kompaniya vakili Mark Manti.

Ko’p shtatlarda ko’mir kabi an’anaviy energiya manbalari “yashil” energiyaga qaraganda hali ham arzonroq. Ammo vaziyat asta-sekin o’zgaryapti, deydi “Rocky Mountain Institute” tashkiloti vakili Jon Kreyts.

“Agar soha jadal rivojlansa, mamlakat janubi-g’arbi, ya’ni Kaliforniya, Arizona, Nyu-Meksiko, Kolorado va Yuta shtatlaridagi mijozlarning bari, boshqa shtatlarda 90 foiz mijozlarimiz kelasi 10 yilda iqtisodiy jihatdan yutadi,” - deydi u.

Ayrimlar 10 yil kutmaslikka qaror qildi. Yaqinda Vashingtondagi ikki universitet “Duke Energy” kompaniyasi bilan 20 yillik shartnoma imzoladi. Amerika universitetidan Dag Kudravets katta pul tejalishini aytadi.

“Moliyaviy modellar ishlab chiqib, chuqur tahlil qildik. Agar an’anaviy energiya yiliga besh foizga qimmatlasa, 14 million dollar tejash mumkin”.

Quyosh energiyasining rivojlanishini tahdid deya ko’rayotganlar ham yo’q emas. Masalan, “Barclays” banki aynan shu sababdan elektr energiyasi uchun zayomlar reytingini pasaytirdi.

Energiya masalalarini yoritib boradigan blogger Endryu Richi xavotirlar bo’rttirilgan, deydi.

“Energiya borasidagi yalpi ehtiyojlarimizni olsak, quyosh quvvati ularning kichik bir qismini qoplaydi, xolos. Vaziyat yaqin-orada keskin o’zgarmaydi”.

Bugunda quyosh quvvati dunyoning energiyaga bo’lgan talabini qoplay olmaydi. Ammo iqlim o’zgarishi tahdidi oshar ekan, qayta tiklanadigan energiya manbalariga qiziqish ham oshib boradi. Demak, tomiga quyosh batareyalarini o’rnatayotganlar ham ko’payaveradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG