Xalqaro tashkilot AQSh iqtisodi haqida xulosa chiqardi

  • Amerika Ovozi

Qo’shma Shtatlarda boylarga hozirgidan ko’proq soliq solish bahs qilinar ekan, yirik davlatlar masalaga befarq emas. 34 mamlakatni o’z ichiga olgan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti nazarida Amerikada o’sish jonlangan. Lekin boy va kambag’al o’rtasida farq chuqurlashib borayotgani muammo tug’dirishi aniq, deyiladi tashkilot hisobotida.

Iqtisodiy jihatdan Amerika dunyoda hamon eng ilg’or davlat, biroq birinchilikni bo’y berayotgani ko’zga tashlanadi. Texnologiya va innovatsiya-kashfiyot sohalarida muammo yo’q, ta’limga kelganda ko’plardan orqada qolib ketmoqda, deydi Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti bosh kotibi muovini Richard Baucher:

“Qo’shma Shtatlar kambag’al talabalarga eng kam mablag’ ajratadigan davlatlar sirasida ekani aniqlandi. Shu paytgacha buning aksi bo’lib kelgan”.

Aynan shu bois mamlakatda boy va kambag’allar orasida tafovut chuqurlashmoqda, deya xulosa qilinadi hisobotda. O’ziga to’q oila farzandlari yaxshi ta’lim oladi, demak, kelajakda ish topib, muvaffaqiyat qozonishi mumkin. Soliqlar alohida muammo.

“Soliqlar haqidagi qonunlarda eng badavlat odamlar uchun imtiyozlar yaratilgan. Birinchidan, bu adolatdan emas. Turgan-bitgani kamsitish. Ikkinchidan, davlat soliq tizimi, qonunlari xolisroq, betaraf bo’lishi kerak-ku,” - deydi Baucher.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti o’zi xohlamagan holda nozik siyosiy bahsga aralashib qoldi. Bu tortishuv mohiyatini amerikalik milliarder Uorren Baffet zo’r tushuntirib bergan. Kotibim mendan ko’p soliq to’laydi, degan edi u:

“Menga o’xshagan boyvuchcha odamlar kattaroq soliq to’lashi kerak”.

Obama va Romnining soliqlar yuzasidan fikri tubdan farq qiladi

Obama va Romnining soliqlar yuzasidan fikri tubdan farq qiladi

AQSh qonunlariga ko’ra, maosh-daromadga solinadigan soliq sarmoyadan tushgan daromadga solinadigan soliqdan kattaroq. Barak Obama prezident etib saylanibdiki, yiliga 250 ming dollardan ko’p topadiganlar kattaroq soliq to’lasin, deb keladi. Raqib respublikachilar bunga qarshi. Ashaddiy tanqidchilardan Pol Rayan:

"Sinfiy farq mamlakatni ikkiga ajratib qo’yadi. Ish joylarini yaratayotgan odamlar, bizneslarga hujum bu”.

Prezident Obama javobi esa mana bunday:

“Agar milliarderga santexnik bilan baravar soliq to’lang, deb sizningcha, sinfiy urush qo’zg’atsam, mayli, meni ayblang. Urushing. Shunday nomga roziman”.

Saylov yilida masala mamlakatda tafovutni yanada oshirishi mumkin. Respublikachilardan prezidentlikka nomzod, biznesmen Mitt Romni 2010-yilda daromadidan 14 foiz soliq to’lagan. Vaholanki, maoshga yashaydigan oddiy fuqaro 35 foiz to’laydi. Romni prezident bo’lsa, hukumat xarajatlarini kamaytirib, barcha uchun soliqlarni ham pasaytirmoqchi. Obama va’dalari boshqacha: badavlat odamlarga ko’proq soliq solib, evaziga infratuzilma va ijtimoiy dasturlarga mo’lroq mablag’ ajratish.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG