AQSh iqtisodiyoti bu yili 2,8 foizga o'sishi kutilmoqda

  • Amerika Ovozi

Uoll-Strit, Amerika aksiya bozoridagi manzara

Uoll-Strit, Amerika aksiya bozoridagi manzara

Ko’plab tahlilchilar nazarida AQSh iqtisodiyoti bu yili ancha oyoqqa turib oladi. Bu davlat bilan tijorat ham osonlashishi kutilmoqda. Yonilg’i bahosi pasayishi mumkin. Lekin foiz stavkalari ham ko’tarilib bormoqda.


Do’konlar gavjum, savdo yomon emas, deydi biznes egalari. 2008-yilda boshlangan inqirozdan besh yil o’tib, Amerika va boshqa rivojlangan mamlakatlar biroz oyoqqa turib olgan.

Jahon banki shunday xulosa qilmoqda. Davlatlar xarajatni kamaytirmasdan, o’ziga ishongan holda harakat qilishi kerak, deydi mutaxassislar.

Endryu Berns – Jahon bankida Global makroiqtisodiyot bo’limi rahbari.

“Amerikada iqtisodiy o’sish o’tgan yili 1,8 foizni tashkil etgan bo’lsa, bu yili 2,8 foizga ko’tariladi”,- deydi Berns.

AQSh iqtisodiyotining katta qismi bo’lgan ko’chmas mulk bozorida kredit uchun foiz stavkalari oshib bormoqda. Bu esa oilalarga uy-joy sotib olishni qiyinlashtiradi.

Past foizlar bois gurkiray boshlagan kichik bizneslar ham jarayonni xavotir bilan kuzatmoqda.

Markaziy bank mamlakat iqtisodiy inqirozdan chiqqan va amaldagi maxsus choralar astalik bilan bekor qilinishi mumkin deya ogohlantirmoqda. Foiz stavkalarini aslida bank past holda saqlab turibdi.

“Stimulus” deb atalgan bu jarayonni to’xtatmasak, inflyatsiya kuchayishi mumkin, deydi ekspertlar.

Moliyaviy tahlilchi Greg Makbrayd deydiki, foiz stavkalarini astalik bilan ko’tarish u qadar xavfli qadam bo’lmaydi chunki iqtisod o’smoqda.

“Nazarimda, uzoq muddatli qarzlar uchun foiz stavkalari sal oshadi, qisqa muddatli kreditlar uchun esa pastroq holda qolaveradi”,- deydi Makbrayd.

Yana bir yangilik – Amerikada yonilg’i ishlab chiqarish ko’lami oshgan. Ichki talab asosan mahalliy mahsulot evaziga qondirilmoqda. Muqobil energiya turlari ko’payib, yangi sanoatlar barq urmoqda. Neft va tabiiy gazdan tashqari boshqa sohalar ham bugun ildamlagan.

Aynan tabiiy gaz jabhasida ta’minot kengayib borar ekan, mahsulot narxi tushib, boshqa sanoatlar tezroq rivojlana boshlagan, deydi Jek Jerard, Amerika yonilg’i instituti rahbari.

“Ish joylari yarataman, daromadni oshirmoqchiman degan odam uchun bugun imkoniyatlar keng. Energetika sohasi oldinga siljigan”,- deydi Jerard.

Mahalliy resurslardan yaxshiroq foydalanish yo’lga qo’yilar ekan, xaridor kamroq pul sarflab, ayagani boshqa mahsulotlar uchun ketmoqda, deydi ekspertlar.

Mahalliy boyliklarni asrab, yonilg’ini asosan chet eldan olsak ham bo’laveradi deya undayotgan amerikaliklar ham juda ko’p. Ular fikricha energetika sanoati kengaysa, tabiatga zarari oshadi va shu tariqa odamlar sog’lig’iga.

Neft, ko’mir va tabiiy gaz kompaniyalari esa texnologiya rivojlangan sari zarar ham ozaymoqda deya ishontirish uchun targ’ibotga zo’r berayapti. Sanoat bugun ko’p jihatdan toza, deya bildiradi ular.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG