Quyosh energiyasiga "ha" degan universitetlar

  • Amerika Ovozi

Yaqinda poytaxt Vashingtondagi ikki universitet elektr energiyaning yarmini 400 kilometr narida joylashgan quyosh stansiyasidan sotib ola boshlaydi. Natijada kelasi 20 yil ichida millionlab dollar tejaladi. Bundan tashqari, tabiatni muhofaza qilish kerak degan yoshlarning bu o’quv dargohlarga qiziqishi kuchayadi.

Amerika universiteti binolari tomida quyosh batareyalari o’rnatilgan. Ular orqali elektr quvvati olinadi.

Amerika universiteti, Jorj Vashington universiteti hamda bu universitet qoshidagi kasalxona “Duke Energy Renewables” quvvat kompaniyasi bilan shartnoma tuzishga muvaffaq bo’ldi.

Bu shirkat Shimoliy Karolinada uchta quyosh energiyasi stansiyasini qurishni rejalagan. Ulardan Vashingtondagi universitetlarga elektr quvvati uzatiladi. Kelasi 20 yil davomida bu o’quv maskanlari “Duke” kompaniyasidan mahsulotni bir xil narxda quvvat sotib oladi.

Amerika universiteti rahbariyatidan Dag Kudravetsning aytishicha, vaqt o’tgan sari bu “yashil” shartnoma foydasi ham oshib boradi.

“Kelasi 20 yilda an’anaviy quvvat narxi oshishda davom etadi. Bunga ishonchimiz komil. Demak, biz anchagina pul tejashga muvaffaq bo’lamiz,” - deydi Kudravets.

Uning hamkasbi Kris O’Brayen neft, gaz yoki ko’mir kabi an’anaviy manbalardan olingan energiyaga qaraganda quyosh energiyasi tabiat uchun bezarar ekanini aytadi.

“Ijtimoiy adolat uchun kerakli narsa bu, zero iqlim o’zgarishidan kambag’allar eng ko’p aziyat chekadi. Qayta tiklanadigan energiya manbalari qambag’allar uchun kamroq zarar degani,” - deydi u.

Quyosh energiyasida ishlaydigan inshootlar dunyo bo’ylab ko’paymoqda. “Duke Energy Renewables” kompaniyasinining yangi bo’limi chorak million quyosh batareyalarini o’rnatib, yiliga 123 million kilovatt soat elektr toki ishlab chiqaradi. Tabiatga zararning kamayishiga kelsak, bu yo’llardan 12500 ta avtomobilni olib tashlash bilan barobar.

Quyosh energiyasi sanoati uyushmasi rahbari Ron Resh: “Bu quyosh energiyasining innovatsion, yangi turdagi biznes modeli. Tomda batareyalar uchun joy bo’lmasa ham, quyosh quvvatidan foydalanish mumkinligini namoyish qilyapmiz. Stansiya bilan biznes aloqa o’rnatish kifoya. Quyosh energiyasi sohasining kelajagi aynan shunda”.

Ron Resh bu sanoatning rivojlanayotganini e’tirof etsa-da, dunyoning eng yirik iqtisodi bo’lgan Qo’shma Shtatlarning energiyaga bo’lgan barcha ehtiyojlarini u orqali hozircha qoplash imkoni yo’qligini aytadi. Ammo batareyalar va boshqa uskunalar arzonlashmoqda. Moliya sohasida ham o’zgarishlar bor. Demak, oftob quvvatidan foydalanish imkoniyatlari ham asta-sekin kengayaveradi.

Ayni vaqtda Amerika universiteti talabalari bino tomida qahva uchun suv isityapti. Bu bir necha qavat pastda joylashgan do’konda elektr toki kamroq ishlatilayotganini anglatadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG