AQSh iqtisodi inqirozdan chiqdimi?

  • Amerika Ovozi

Wall Street

Wall Street

AQShda sarmoyadorlarning ko’zi markaziy bankda. Federal zaxira rahbariyati iqtisodiyotni jadallashtirish uchun o’tgan yillar ichida ishga solingan ayrim choralarni bekor qilishi mumkin. Ayrim ekspertlar ta’biricha kelasi yilga borib, davlat belgilaydigan foiz stavkalari ko’tarilishi mumkin. Boshqalar esa o’zgarishlar undan-da yaqin degan fikrda.


Joriy yil boshida markaziy bank imtiyozlarni kamaytirishi haqida ogohlantirishi bilan aksiyalar bozori orqaga ketgan edi.

Federal zaxira raisi Ben Bernanke nazarida iqtisodiyot oyoqqa turib, kun sayin kuchayar ekan, ayrim moliyaviy programmalarga hojat qolmaydi.

Yetakchi olimlar taxminicha kelasi yilga borib, Amerika iqtisodiyoti uch foizga kengayadi.

Xususiy sektorda olib borilgan so’rovlar shundan dalolat bermoqdaki, bizneslarning o’z kelajagiga ishonchi ortgan. Davlat imtiyozlari yaxshi albatta, lekin bozorni sun’iy ravishda quvvatlovchi programmalarga talab pasaymoqda.

Nayantara Xenzel tadqiqotga yetakchilik qilgan mutaxassis.

“Respondentlarning 80 foizi markaziy bank 2014-yilda katta o’zgarishlar qiladi degan fikrda”.

Lekin hukumat ishsizlikka qarshi kurashni susaytirmoqchi emas.

Qisqa muddatli kreditlarni deyarli foizsiz berib, ishsizlik darajasini 6,5 foiz yoki undanda pastga tushirish – Obama ma’muriyatining yaqin kelajakdagi maqsadi.

Yana bir chora – oilalarga qarz olishni osonlashtirish, toki ular uy sotib ololsin. Bizneslarni esa yangi texnologiya xarid qilayotgani uchun rag’batlantirmoqda.

Markaziy bank shu maqsadlarda har oy 85 milliard dollarga teng obligatsiya sotib oladi.

Iqtisodchi olim Nayantara Xenzel deydiki, o’tgan yillarda joriy etilgan ko’mak dasturlarini birdaniga yo’q qilish vaziyatni og’irlashtirishi mumkin.

Shuni ham unutmaslik kerakki, deydi boshqa ekspertlar, Oq uy va Kongress byudjet va davlat sarfiyati haqida hamon kelisha olmayapti va bu sarmoyadorlar uchun xavotirli masala. Mavhumlik - sarmoya dushmani, deydi mutaxassislar.

Qarz, sekvestr va boshqa moliyaviy masalalar tog’dek uyulib yotibdi, deydi Gari Lubin, “Senterfeyz Solutions” firmasi vakili.

Patent himoyasi va xalqaro biznes uslublari xususida ham tinimsiz bahslar ketmoqda. Muhokama yaxshi, lekin muammolar hal etilmayapti, deydi Lubin.

Puli borlar hali ham yetti o’lchab bir kesishga majbur. Tavakkal qilgisi kelmayotgan boylar ko’p. Ular pulini mahkam ushlab o’tiribdi. Tizimga ishonch tiklanishi kerak, deydi finansist, bu esa hali ancha vaqt oladi.

Avgust oyida Amerikada 176 ming ish o’rni yaratilgan, iyulda esa qariyb 200 ming kishi ishli bo’lgan edi. Iqtisodiy o’sish 2010-yildan beri hozir eng yuqori darajada, ya’ni ikki foiz atrofida.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG