Ifodali yoza olish - muvaffaqiyat kaliti

  • Amerika Ovozi

San Fransisko

San Fransisko

AQShda “826” deb nomlangan bir nodavlat tashkiloti bor. U bolalar va o’smirlarga yozishni, ijod qilishni o’rgatadi. O‘n yil avval taniqli adib Deyv Eggars va muallima Niniv Kalegari tomonidan San Fransisko shahrida tuzilgan bu tashkilot shu qadar shuhrat qozondiki, hozirda butun Amerika bo’ylab faoliyat yuritadi.

San Fransiskoning asosan lotin amerikalik muhojirlar yashaydigan mahallasidamiz. 826, Valensiya ko’chasi. Bu joyni o’quvchilar yaxshi biladi. Ko’rinishidan oddiy bir do’kon, lekin “Qaroqchilar” degan magazin ortida g’aroyib bir muassasa joylashgan.

Ley Leyman - uning rahbari. Yoshlar yozishni o’rgansin, deydi u.

“Bu o’quv markazi. Shu bilan birga yosh avlodni ijod qilishga, ichki his-tuyg’ularni izhor etishga o’rgatadigan maskan”,- deydi u.

Tashkilot nomi uning adresidan olingan - 826, Valensiya ko'chasi, San Fransisko shahri

Tashkilot nomi uning adresidan olingan - 826, Valensiya ko'chasi, San Fransisko shahri

O’quvchilarning soni 30 mingdan oshadi. Asosan muhojirlarning farzandlari. Amerikaliklarning yangi avlodi desa ham bo’ladi.


Davlat maktablarida mablag’ ozligi sababli o’quvchilarga ifodali o’qish va yozish sirlari uncha o’rgatilmayapti, e’tibor past, deydi tashkilot asoschilaridan biri Jerald Richards.

“Nazarimda, bugun maktablarda fizika, texnologiya, muhandislik va matematikaga katta e’tibor qaratiladi. Butun diqqat test topshirishda. Bolalarga imtihonlardan qanday o’tish o’rgatiladi, lekin fikrlash, o’z fikrini asoslab berish, uni qog’ozga to'g'ri tushirish singari juda muhim talablar chetda qolib ketadi”,- deydi Richards.

Vaholanki, yozish har qanday sohada, hatto fizika va matematikada ham zarur narsa, deydi murabbiy. Yozish qobiliyati kuchli o’quvchilar oliy ma’lumotli bo’ladi.

“Ish topish, ish beruvchiga ma’qul kelish uchun yaxshi yoza olish va aloqa qila olish kerak. Bu katta imkoniyatlar yaratadi”,- deydi Richards.

Tashkilot o’quvchilar qalamiga mansub asarlarni chop etishda ham yordam beradi. Kitoblar mana shu piratlar do’koni yoki internet orqali sotiladi.

Sofiya Markez yozgan hikoya yaqinda nashr etildi.

“Yosh avlodning fikri va qarashlari, ichki dunyosi kattalar uchun chuqur ahamiyat kasb etadi. Ularning kechinmalarini chetga sura olmayiz”,- deydi Ley Leyman.

“Tasavvurimni bayon etishni yaxshi ko’raman”,- deydi Sofiya.

2010-yilda “826” tashkiloti doirasida yozilgan asarlarning 944 tasi chop etildi. Mualliflar – o’quvchilar.


  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG