Breaking News

Harbiylar, Musulmon Birodarlar til topishishi amri mahol


Yaqin Sharq bo’yicha mutaxassislar fikricha, Misrda yuzlab insonni hayotdan olib ketgan xunrezlik davom etadi. Prezidentni hokimiyatdan chetlatgan harbiylar va Musulmon Birodarlar murosaga borishi amri mahol.
Harbiylar, Musulmon Birodarlar til topishishi amri mahol/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:21 0:00
Yuklab oling

Qohira ko’chalarini qonga belatgan mojaro muvaqqat hukumatni qiyin ahvolga solib qo’ydi.

Qohira va boshqa shaharlarda xavfsizlik kuchlari prezident Muhammad Mursiyning islomiy tarafdorlari bilan to’qnashmoqda.

Tahlilchilar deydiki, Misr harbiylari Musulmon Birodarlarni mamlakat tinchligiga raxna solayotgan buzg’unchilar deb biladi. Shu bois ham dunyoviy va islomiy kuchlar bir-biriga qo’l uzatishiga ishonch past.

“Harbiylar nuqtai nazaridan qaraganda, birodarlar dushman, raqib. Ular uchun mamlakat siyosiy tizimida o’rin yo’q”, - deydi Yaqin Sharq siyosati bo’yicha olim Robert Satloff.

Birodarlar oldida uch yo’l bor, deydi olim. Chekinish, siyosatga qaytishga urinish yoki urush.

Agar zo’ravonlik davom etsa, bundanda ko’p qon to’kiladi va Misrni jar yoqasiga yetaklaydi.

“Tomonlar bir-birining irodasini sinayapti. Armiyaning vazifasi – vaziyat tamoman izdan chiqib, Suriyadagi kabi fuqaro urushiga aylanmasidan oldin Musulmon Birodarlarni mag’lub etish”, - deydi sharhlaydi Satloff.

Namoyishchilarni tarqatish qarori va tobora oshib borayotgan talofatlar xalqaro tanqidlarga uchradi.

AQSh Misrga har yili beradigan 1,5 milliard dollar madadni bekor qilmagan bo’lsa-da, kelasi oyga belgilangan qo’shma harbiy mashqlar endi o’tkazilmaydi.

AQSh prezidenti Barak Obamaning aytishicha, Misr muvaqqat hukumati qabul qilgan qarorlar qanday oqibatlarga olib kelgani yuzasidan xulosa chiqariladi. Umuman, AQSh-Misr aloqalarini qayta ko’rib chiqishga ko’rsatma berganman, deydi u.

Qohirada prezident tarafdorlari barpo etgan chodir-palatkalarni buzishdan boshlangan harbiy operatsiyada yuzlab odam nobud bo’ldi.

Zo’ravonlik poytaxtdan tezda boshqa shaharlarga ham tarqaldi. Davlat idoralarini mudofaa etish uchun kuch qo’llashga ruxsat bor.

Xavfsizlikdan tashqari, deydi tahlilchilar, hukmron generallarni endi yangi muammolar kutmoqda. AQSh Tinchlik institutidan Manal Umar yaqinda Misrda bo’lib qaytdi.

“Musulmon Birodarlar bilan qanday til topishish masalaning bir qismi, xolos. Prezident Mursiy yuzlashgan iqtisodiy muammolar o’sha-o’sha, yechilgani yo’q. Oddiy misrliklar o’z hayotida biror ijobiy o’zgarish sezmayapti”, - deydi u.

Yaqin yaqingacha Suriyadagi urush barchaning e’tiborida edi. Misrda vaziyat shu darajaga yetadi deb kim ham o’ylabdi.

“Misrni qanday kelajak kutmoqda? Suriyadagi fuqaro urushi oxir-oqibat nima bilan tugaydi? Mintaqadagi kayfiyatni va AQSh manfaatlarini belgilovchi ikki yirik omil ana shular”, - deydi tahlilchi Robert Satloff.

Xalqaro hamjamiyat, odatdagidek, tomonlarni bosiqlikka, harbiylarni kuch qo’llashdan tiyilishga chaqiryapti.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG