Breaking News

Amerika Misrga harbiy yordamni davom ettiradi


AQShdan Misrga harbiy yordam
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:18 0:00

AQShdan Misrga harbiy yordam

Qo’shma Shtatlar Misrga 1,5 yil oldin qo’ygan qurol embargosini bekor qilgani huquq himoyachilarining tanqidiga sabab bo’lmoqda.

2013-yili Prezident Muhammad Mursiyning hokimiyatdan olingani, qo’zg’olon ketidan uning islomiy partiyasi a’zolariga bo’lgan bosimlar ketidan Vashington bu davlatga harbiy yordamni to’xtatgan edi.

Madad tiklanar ekan, AQSh Misrga F-16 samolyotlari hamda raketa va tanklar yetkazishda davom etadi. Yillik ko’mak hajmi 1,3 milliard dollarga teng.

Misr hukumatiga ko’ra, yordam kesilgani Sinay yarimoroli va Liviyada islomiy jangarilarga qarshi kurashga, shuningdek, Yamanda hokimiyatni qo’lga olgan hutiylarga qarshi harbiy operatsiyaga pand berib kelayotgan edi.

Oq uy embargoni bekor qilish masalasini bir necha oy o’rganib chiqdi. Qaror AQShning xavfsizlik manfaatlariga javob berishi yoki Misr demokratik islohotlar bobida oldinga siljiganini isbotlashi kerak. Vashington aynan xavfsizlik nuqtai nazaridan ko’makni tiklaganini qayd etmoqda.

Obama ma’muriyati Misrdagi inson huquqlariga oid vaziyatni ko’p tanqid qilgan, lekin bu yetarli emas, deydi professor Jon Chalkraft.

“AQSh Yaqin Sharqdagi ko’plab rejimlar bilan shunday yaqin aloqalarga ega ekani kelajakda muammolar tug’diradi. Misr xavfsizlik va terrorizmga qarshi kurashni bahona qilib, har qanday muxolif fikrlarni o’chirishga bel bog’lagan”, - deydi u.

Sobiq rahbar Muhammad Mursiyning “Musulmon Birodarlar” harakati terrorchi tashkilot deb e’lon qilinganidan buyon uning minglab a’zolari qamoqqa olingan. Jurnalist va huquq faollari ham nishonda.

Yaqin Sharq institutidan tahlilchi Timoti Kaldas Qohiraga moliyaviy va harbiy ko’mak davom etishidan hayron emas.

“So’zda bir narsa, amalda boshqa narsa. Vashington inson huquqlari haqida ko’p bong uradi, ammo xavfsizlik va mintaqa rahbarlari bilan iliq munosabatlar baribir ustun turadi. Azaldan shunday”, - deydi Kaldas.

Shunga qaramasdan, rasmiylar harbiy hamkorlik shartlari biroz o’zgartirilganini ma’lum qildi. 2018-yildan boshlab Misr AQShdan xarid qiladigan qurol turlarini kamaytirish ko’zlangan. Shuningdek, bu davlat qarzga yoki kreditga qurol sotib ololmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG