Misrda general Abdul Fattoh Sissiy prezident bo'lmoqchi

  • Amerika Ovozi

Misrda prezidentlikka da'vogar Abdul Fattoh Sissiy, qurolli kuchlar sobiq qo'mondoni va sobiq mudofaa vaziri

Misrda prezidentlikka da'vogar Abdul Fattoh Sissiy, qurolli kuchlar sobiq qo'mondoni va sobiq mudofaa vaziri

Misr qurolli kuchlari oliy qo’mondoni, general Abdul Fattoh Sissiy prezidentlikka saylanmoqchi bo’lib turgan bir paytda Qo’shma Shtatlar ittifoqchisidan jurnalistlar va muxolifatga nisbatan muomalani yaxshilashni so’ramoqda.

Obama ma’muriyati Misrda demokratik jarayonlarni qo’llab-quvvatlash bilan bir qatorda Saudiya Arabistonining xavfsizlikka doir xavotirlarini ham e’tiborsiz qoldirmoqchi emas.

General Sissiy saylovda nomzodini qo’yishi mumkinligi haqida bir necha oydan beri xabar qilinayotgan edi. Jarayonga tayyorgarlik ko’rish uchun lavozimini topshirdi.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibasi Jennifer Psakining aytishicha, Misrda inson huquqlari bobida ijobiy o’zgarish kuzatilmas ekan, Amerikaning unga atalgan yordami berilmay turadi, shu jumladan harbiy yo’nalishda.

General Sissiy o’tgan yili harbiylar yordamida prezident Muhammad Mursiyni hokimiyatdan ag’darib, AQSh tanqidi va cheklovlariga sabab bo’ldi. Mursiy demokratik ravishda saylangan bo’lib, hozir yuzlab tarafdorlari va izdoshlari bilan qamoqda.

AQSh sobiq elchisi Adam Erelining aytishicha, Misrdagi harbiy hukumat bir tomondan tartibni saqlab turibdi, boshqa tomondan esa norozilar qattiq ta’qibga olinmoqda.

"Obama ma’muriyati bundan bezovta", - deydi Ereli.

Biroq Vashingtonning arab dunyosidagi ittifoqchilari Misrdagi harbiylar tomonida. Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari Mursiy va “Musulmon birodarlar” harakatiga qarshi.

Sobiq elchi Adam Erelining aytishicha, bu mamlakatlar Sissiyni qo’llab-quvvatlaydi, aks holda Misr beqarorlikka yuz tutadi deb o’ylaydi.

Biroq Vashingtondagi Amerika universiteti professori Xillari Men Leveret nazarida siyosiy tomondan mavhum bir sharoitda Misrda aynan harbiylar beqarorlikni kuchaytirishi mumkin.

"Qiynoqlar, qamoqqa olishlar, ta’qiblar davom etmoqda. “Musulmon birodarlar” yetakchilari omma oldida qatl etilishi ham mumkin. Bu harakat tarafdorlarini yanada radikallashtirib, eski holiga qaytarishi mumkin", - deydi olima.

Uning aytishicha, Saudiya qirolligining general Sissiyni qo’llab-quvvatlashi vaziyatni yanada izdan chiqarishi mumkin.

"Misrda ommaviy qarashlarni bostirish uchun AQShning Saudiya Arabistoni bilan hamkorlik qilishi haqidagi g’oyaning o’zidan inqirozning isi kelmoqda", - deydi Leveret.

Vashington va Riyod aloqalari Suriya urushi oqibatida sovuqlashgan. Qirollik AQShdan prezident Bashar Assadga qarshi kurashayotgan isyonchilarni qurollantirishni, ochiq qo’llab-quvvatlashni so’rab kelmoqda.

Vashingtondagi AQSh Tinchlik instituti tahlil markazidan ekspert Stiv Xeydemanning aytishicha, Misrda saylovlar yaqinlashgan sari bu sovuqlik Saudiya Arabistoni yondashuviga ta’sir qilishi mumkin.

"O’ylaymanki, qirollik Misrda AQSh pozitsiyasiga qarama-qarshi yo’l tutishi xavfi oshmoqda. Shunday bo’lsa, buning oqibatlari turlicha bo’lishi mumkin", - deydi Xeydeman.

Xorijiy safarga chiqqan prezident Barak Obama davlat kotibi Jon Kerri hamrohligida Italiyadan so’ng Saudiya Arabistonida bo’lib, Misr va Suriya masalalarini muhokama qilishi kutilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG