AQSh Misrdagi beqarorlikning qo'shni o'lkalarga yoyilishidan xavotirda

  • Amerika Ovozi

Hokimiyatdan ag'darilgan Muhammad Mursiy tarafdorlari hukumat binosi oldida, 9-iyul, 2013-yil.

Hokimiyatdan ag'darilgan Muhammad Mursiy tarafdorlari hukumat binosi oldida, 9-iyul, 2013-yil.

Kecha harbiylar va hokimiyatdan ag’darilgan prezident Muhammad Mursiy tarafdorlari o’rtasida yuz bergan qonli to’qnashuvda 52 odam o’lgach, “Musulmon birodarlar” harakati namoyishlarni yanada kuchaytirishga da’vat etdi. O’z navbatida AQSh prezidenti Barak Obama zo’ravonliklarni qoralab, harbiylarni bosiqlikka undamoqda.

Misrning muvaqqat prezidenti Adli Mansur tomonlarni tinchlikka chaqirib, bo’lib o’tgan qonli fojeani tekshirish uchun mustaqil qo’mita tuzishni taklif etdi. Shuningdek, u kecha yangi farmon chiqarib, konstitutsiyaga kiritiladigan o’zgartirishlarni tasdiqlash bo’yicha keyingi besh oy ichida referendum o’tkazilishini ma’lum qildi. Referendumdan ikki oy o’tib, parlament uchun saylovlar bo’lib o’tadi. Prezidentlik uchun saylov muddati esa yangi parlament tomonidan belgilanishi kutilmoqda.

Hokimiyatdan ag’darilgan Muhammad Mursiy tarafdorlari mamlakat bo’ylab norozilik namoyishlarini davom ettirmoqda.

Kecha harbiylar va namoyishchilar o’rtasida kelib chiqqan to’qnashuvda kamida 51 odam halok bo’lgan, ko’plab fuqaro jarohat olgan.

Chiqishlarda AQShga qarshi xitoblar ham yangragan. Prezident Barak Obama esa demokratiya tarafdori ekanini, biror siyosiy guruhni qo’llab-quvvatlamasligini aytmoqda.

“Ular o’z manfaatini o’ylayapti, “Musulmon Birodarlar” bilan bog’liq ularning o’z maqsadlari bor”, - deydi namoyishchilardan biri.

AQSh rahbari va Kongress muhim savol ustida bosh qotiryapti: Misrga va’da qilingan 1,3 milliard dollar harbiy yordamni bekor qilish kerakmi?

Qonun bo’yicha, agar demokratik yo’l bilan saylangan hukumat ag’darilsa, yordam kesilishi kerak.

Oq uy so’zlovchisi Jey Karni shu masalaga to’xtaldi.

“AQShning Misrga atalgan yordam dasturlarini zudlik bilan o’zgartirishi manfaatlarimizga mos emas. Biz bunday qaror AQSh manfaatlariga xizmat qilmaydi, deb o’ylaymiz. Qonun bo’yicha majburiyatlarimizni o’rganyapmiz hamda biz berayotgan bu yordam dasturiga oid masalalarni Kongress bilan ham muhokama qilyapmiz”, - deydi Oq uy rasmiysi.

Karniga ko’ra, AQSh zo’ravonliklarning kuchayishidan xavotirda va Misrdagi ta’sirchan doiralar bilan bu borada muloqot olib bormoqda.

Davlat departamenti so’zlovchisi Jen Psaki AQSh o’z pozitsiyasini Misr xalqiga yetkazdi, deydi. Unda e’tibor, asosan, Mursiy partiyasiga qaratilgandek.

“Demokratiya faqat ovoz berishdangina iborat emas. Odam o’zini qanday tutishi kerak, qanday boshqarishi kerak, shu kabi omillar ham bor. Mamlakatda millionlab odamlarning norozi bo’lgani shu bilan bog’liq”, - deydi Psaki.

Ammo AQShning Misrga ta’siri cheklangan, deydi Yaqin Sharq bo’yicha ekspert Erik Trager.

“Musulmon Birodarlar” partiyasi, Mursiy hokimiyatga qaytarilmaguncha, hech narsaga rozi bo’lmaydi. Chunki ular davlat to’ntarishi bo’lganiga ishonadi. Ayni paytda harbiylar Mursiyni hokimiyatdan chetlatish bilan birga uning partiyasini ham kuchdan qoldirishga urinadi. Har ikki tomon o’z fikrida oyoq tirab turib olgan bunday sharoitda AQShning biror guruhga o’z ta’sirini o’tkazishi juda mushkul”, - deydi tadqiqotchi.

Tragerning aytishicha, Obama ma’muriyati mojaroning keng tus olib, qo’shni hududlarga ham yoyilishidan xavotirda.

“AQSh jiddiy aralashmasa, Misrda beqarorlik yanada kuchayadiganga o’xshaydi. Misr biz uchun juda muhim davlat. Eng ko’p aholiga ega arab davlati. Bu yerda tezroq tartib o’rnatish bo’yicha biror chora ko’rishimiz shart”, - deydi tahlilchi.

AQSh Misrdagi o’tish davrida tomonlar qarama-qarshilik va zo’ravonliklardan tiyilib, ziddiyatlarni o’zaro muloqot orqali hal etishini istaydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG