Amerikada siyosiy mavzuda janjalsiz munozara qilish mumkinmi?

  • Amerika Ovozi

Jon Mixan (chapda) va Art Ledjer, Vyetnam urushi faxriylari

Jon Mixan (chapda) va Art Ledjer, Vyetnam urushi faxriylari

Ogayolik Art Ledjer va Jon Mixan siyosat haqida ko’p bahslashadi: AQSh-Meksika chegarasida devor qurish, qurol nazorati va hatto Amerika ayol prezidentga tayyormi degan savollarni muhokama qilishdan charchashmaydi.

Mamlakat bo’ylab internetda ham, xonadonlarda ham siyosatga oid bahslar davom etar ekan, odamlar o'rtasida munosabatlarning buzilishi hollari kam emas.

Ko’plar siyosat haqida bahslashmay qo’ygan. Fikrdoshlari bilan gaplashadi, xolos.

Ammo Ledjer va Mixan nozik masalalarni ko’tarishdan cho’chimaydi. Axir biz ko’p yillik do’stmiz, deydi ular.

“Urushda yelkama-yelka jang qilganmiz”, - deydi Mixan.

“Do’st bo’lmasak, tirik qolmasdik”, - deya qo’shimcha qiladi Ledjer.

Mixan va Ledjer Vyetnam urushi faxriylari. Ular Klivlendning qiyin iqtisodiy ahvolga tushgan mahallasida qo’shni.

Ayrim mutaxassislar fikricha, Ogayo noyabrda bo'ladigan prezident saylovlari natijasini belgilashi mumkin.

Soliqlar bilan shug'ullanuvchi oq tanli Mixan respublikachi nomzod Donald Tramp uchun ovoz berish niyatida.

"Tramp bizni terrorchilardan saqlay oladi", deydi u.

Mixan o’tgan yili ilk bor respublikachilar safiga qo’shildi.

Ledjer esa butun umr demokrat bo’lgan, Xillari Klintonni ma’qullaydi. O’zini qora tanlilar orasida eng zo’r soliqchi der ekan, “Tramp oq va qora tanli birodarlarni bir-biridan ajratyapti”, deydi.

“Urush faxriylari guruhi uchrashuvlarida biz o'zaro bahslashsak, boshqalar xunob bo'ladi, bir-biriga jahl qiladi. Biz esa unday emas. Hech birimiz o'z pozitsiyamizdan qaytmaymiz, qizishamiz, ammo xafa bo'lmaymiz”, - deya kulib gapiradi Ledjer.

“Fikrimizni ochiq muhokama qilishdan cho’chimaymiz. Chunki chegaradan chiqmaymiz-da”, - deya qo’shimcha qiladi Mixan.

Ikki lager vakillari

Amerikaliklar orasida Ledjer va Mixanga o’xshab qarshi tomon fikriga qo'shilmaydiganlar ko’p. Ammo mamlakat ikkiga ajralgan deyish mubolag’a bo’ladi.

“Pyu” (Pew) ijtimoiy tadqiqotlar markazining 2014-yilgi so’roviga ko’ra, so’nggi 10 yilda boshqa partiya haqida salbiy fikrlaydiganlar ikki baravar ko’paygan.

Ammo yaqinda "Amerika milliy saylov tadqiqotlari" tashkiloti o’tkazgan so’rov natijasiga ko’ra, jamiyatdagi ajralish Kongressga qaraganda kamroq.

“So’ralganlarga siyosatga oid 67 ta savol berildi. 1956-yilgi so'rov natijalariga taqqoslaganda javoblar keskinligi bilan ajralgani yo'q”, - deydi Los-Anjelesdagi Kaliforniya universitetidan Kris Tosonovich.

“Ayni vaqtda Kongressda siyosiy qarashlari o’rtada bo’lgan a’zolar qolmagan. Bundan 40 yil avval mo’tadil qonunchilar ko’proq edi”, - deydi u.

Bu yilgi saylov boshqalariga o’xshamaydi. Ammo raqamlarga qarasangiz, jamiyat ikkiga ajralgan deyolmaysiz.

“Berni Sanders va Donald Trampga ovoz berganlarni qo'shib hisoblaganda 15 foizdan kam chiqadi, balki 10 foizdir. Ammo faqat o’sha saylovchilarning ovozi balandroq yangraydi”, - deydi Tosonovich.

Qizg’in, do’stona bahs

Urush faxriylari guruhi uchrashuviga ketayotgan Mixan va Ledjer esa Donald Trampning Meksika bilan chegarada devor qurish rejasini muhokama qiladi.

“U yerda chegarachilar bor-ku, axir. To'siqlar bor-ku, to’g’rimi? Noqonuniy muhojirlarni kiritmaslik uchun, to’g’rimi? Xo’sh, devor bilan to'siq o'rtasida qanday farq bor? Shunchaki boshqacha nomlanishi, aslida choralar allaqachon ko’rilyapti,” – deydi Mixan.

Ikkovlon bahslashishda davom etarkan, bu do’stlikka ta’sir qilmaydi. Chunki biz bir-birimizga ishonch va hurmat bilan gapiramiz, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG