Amerikaliklar prezident, qonunchilar va marixuanaga ovoz bermoqda

  • Amerika Ovozi

Ogayo shtati Kolumbus shahrida fuqarolar ovoz bermoqda

Ogayo shtati Kolumbus shahrida fuqarolar ovoz bermoqda

Bugun AQShda saylov. Ammo bu kuni amerikaliklar nafaqat prezident uchun, balki boshqa qator masalalar yuzasidan ham ovoz bermoqda.


Mavjud qonunlarga ko’ra, AQShning 17 shtati va Kolumbiya okrugida marixuana, ya’ni nashadan tibbiy maqsadda foydalanish ruxsat etilgan.

Bugungi saylovda esa Oregon, Kolorado va Vashington shtatlarida saylovchilar bu moddani davo chorasi sifatida qo’llashni qonuniylashtirish yuzasidan fikr bildiradi.

Tarafdorlar sirasida Marixuana haqdagi qonunlar islohoti Milliy tashkiloti bor.

“Nasha kecha kashf qilingani yo’q. Yetmish yildirki, federal qonunlar iste’molni man etadi. Biroq amalda har 10 amerikalikdan biri uni chekishini tan oladi. Biz odamlarimiz yangi bir moddadan foydalana boshlasin demaymiz, hammaga tanish nasha haqida gap ketyapti”, – deydi tashkilot rasmiysi Pol Armentano.

Narkotiklardan xoli Amerika jamg’armasi esa yangi qonunga qarshi. Ayrim amerikaliklar nasha kuchi va zararini yaxshi tushunmaydi, deydi jamg’arma vakili Devid Evans:

“Muammo shundaki, odamlarning marixuana haqidagi fikri bundan 30 yil oldin shakllangan va shundan beri o’zgarmay qolyapti. Ko’pchilik uning zarari yo’q deb o’ylaydi. Vaholanki, hozirda chiqariladigan mahsulot 20-30 yil avvalgi moddadan ancha kuchliroq”.

Huquqshunoslar fikricha, nashani qonuniylashtirish haqidagi shtat darajasida qabul qilingan qarorlar federal hukumat tomonidan bekor qilinishi kerak.

Saylovchilar e’tiboridagi yana bir nozik masala – bir jinsga mansub odamlar nikohi. Meyn, Merilend, Minnesota va Vashingtonda ovoz beruvchilar shu haqidagi yangi qonun yuzasidan fikr bildiradi.

“Bu taklif sababi shundaki, barqaror oila barqaror jamiyat garovidir. Demak, bir jinsga mansub odamlar turmush qura olsa, butun jamiyat bundan foyda ko’radi”, – deydi AQShda Nikoh tengligi deb nomlangan tashkilot xodimi Ned Flaerti.

Oilaviy tadqiqotlar kengashi vakili Piter Sprig esa bu fikrga qarshi:

“Biz oilaning bir ayol va bir erkak o’rtasidagi ittifoq deya belgilanishi tarafdorimiz. Tarixan ham shunday bo’lgan. Nafaqat an’anaviy, balki butun xalq qabul qilgan tushuncha shunday bo’lishi kerak”.

Yana ikki shtat – Merilend va Montanada immigrantlar huquqlari haqidagi qonun ovozga qo’yilgan. Floridada abortga federal byudjetdan mablag’ ajratishni to’xtatish haqidagi tashabbus olg’a surilgan. Kaliforniyaliklar o’lim jazosini bekor qilish yuzasidan fikr bildiradi. Massachussets ahli esa shifokorlar yordamida og’ir bemor hayotini to’xtatish masalasini hal etadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG