Breaking News

Imkoniyatlar teng, poyga qiziq natija bilan tugashi mumkin


AQSh prezident saylovlariga atigi bir necha kun vaqt qoldi. Nomzodlar Barak Obama va Mitt Romnining Oq uyga saylanish imkoniyatlari shu qadar tengki, saylov qiziq natija bilan tugashi ehtimoldan xoli emas.

Amerikaning bo’lg’usi rahbari aksariyat ovozlarni qo’lga kiritmay turib ham saylanishi mumkin. Kamdan-kam hollarda Kongress ham prezident va vitse-prezidentni tanlash huquqiga ega.

Bu mamlakatda fuqarolar davlat rahbariga ovoz bersada, bu natijani hal qilmaydi. Ikki asrdan beri qo’llab kelinayotgan qoidaga ko’ra, rahbarni 538 kishidan iborat saylovchilar kollegiyasi saylaydi. Qaysi shtat necha vakil ko’rsatishi o’sha shtatning aholi soniga bog’liq.

Barak Obama va Mitt Romni oliy lavozimni qo’lga kiritish uchun kollegiyaning kamida 270 ovoziga ega bo’lishi kerak.

AQSh tarixida uch marotaba, 1876, 1888 hamda 2000-yillarda mamlakat bo’ylab eng ko’p ovoz ololmagan nomzod saylovchilar kollegiyasida yetarli tarafdor to’plab prezident bo’lgan.

Jorjtaun Universiteti tarixchisi Stiven Veyn fikricha, bu safar ham shunday bo’lishi mumkin. Ommaviy so’rovlar natijasiga qaraganda, ikki nomzod teng ketmoqda, lekin kollegiyada ko’proq ulushga ega shtatlarda Obama kichik farq bilan oldinda.

Agar Obama va Romni kollegiyada teng ovoz to’plasachi? U holda, konstitutsiyaga ko’ra, prezidentni Vakillar Palatasi tayinlaydi, vitse-prezidentni esa Senat. Bu organlarni bir-biriga raqib ikki partiya boshqarayotgani sabab prezident respublikachilardan, vitse-prezident esa demokratlardan chiqishi mumkin.

Stiven Veyn deydiki, rahbarni tayinlash Kongress bo’yniga tushishi ehtimoldan yiroq. Nomzodlardan biri albatta saylovchilar kollegiyasida ko’proq ovoz oladi, deydi tahlilchi.

AQShda saylov tizimi murakkab bo’lishiga qaramasdan, uni o’zgartirishga moyillik yo’q, deydi u.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG