Yevropa Obamaga ovoz bergan bo’lar edi

  • Amerika Ovozi

Yevropa ahli AQShdagi saylov kampaniyasini diqqat bilan kuzatmoqda. Kelasi to’rt yil davomida Oq Uyning sohibi kim bo’lishi xalqaro hayotga ta’sir qilishi shubhasiz.


Saylov natijasi amerikaliklar qo’lida, lekin ular tanlagan rahbar ulkan global masalalarni hal qilishi kerak.

Iqtisoddan tortib Eron atom dasturigacha, Afg’onistondagi urushdan tortib terrorizmga qarshi kurashgacha – barcha jabhalarda Yevropa kelajagi Amerikaniki bilan chambarchas bog’liq.

Demokrat Barak Obama va respublikachi Mitt Romni Yevropaga nisbatan turlicha fikrda.

“Nazarimda, prezident bizni Yevropaga o’xshagan, hukumat kuchli ijtimoiy siyosat olib boradigan davlatga aylantirmoqchi. Ammo bu model hech qayerda samara bermagan”,- deya tanqid qiladi Romni.

“Yevropa qo’yayotgan har bir qadam parchalanish emas, balki kuchli integratsiyadan darak bermoqda. Hozirgi muammolar hal etiladi, iqtisod yana yaxshilanib, Yevropa qayta oyoqqa turadi”,- deya ishonch bildiradi Obama.

Londondan tahlilchi Kseniya Dormandi nazarida:

“Romni kuchli va qudratli, dunyoga yetakchilik qiladigan, boshqalar bilan hisoblashmaydigan Amerika haqida gapirmoqda. Mudofaani kuchaytirish kerak, demoqda. Bunday bayonotlar yevropaliklarni tashvishga soladi. Obama - yevropacha uslubdagi rahbar. U murosaga intiladi. Xalqaro tashkilotlar bilan ishlashga tayyor. Hamkorlik tarafdori. Bu esa Yevropa ahliga juda ma’qul”.

Ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, Yevropa ahlining 75 foizi Obamani afzal ko’radi.

Yana bir ingliz eksperti Jeyms Boys fikricha arboblarni hozirgi gaplariga qarab baholash qiyin.

”Men boshqacha siyosat olib boraman”, deyish oson. Tarixdan bilamizki, saylov kampaniyasida berilgan bayonotlar va va’dalar hokimiyatga kelgandan keyingi amaliy ishlardan katta farq qiladi. Prezident etib Romni saylanadimi yo Obama lavozimda qoladimi, bundan qat’iy nazar, yangi yildan boshlab AQSh qanday siyosat olib borishi Yevropa uchun chuqur ahamiyatga ega,” – deydi Boys.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG