AQShda 1 milliondan oshiq musulmon ovoz berish arafasida

  • Amerika Ovozi

Michigan shtati

Michigan shtati

8-noyabr kuni Amerika Qo'shma Shtatlarida bir milliondan oshiq musulmon ovoz berishi kutilmoqda. Saylov nafaqat prezident uchun balki Kongress; shtat, shahar, tuman boshqaruvi hamda qonunchilik organlari uchun ham o'tadi. Shuningdek, saylovda qator mahalliy va federal masalalar ham ovozga qo'yiladi.

Amerika musulmonlari kengashi saylovda faol qatnashishni targ'ib qilib, ovoz berish huquqiga ega har bir fuqaroni masalalarni izchil o'rganib, qaror qabul qilishga undab kelmoqda.

“Masjidlar, maktab va jamoat markazlarida tadbirlar o'tkazib kelayapmiz. Misli ko'rilmagan miqdorda ovoz beramiz degan umiddamiz",- deydi Osama Jamol, kengash faollaridan biri.

Amerika-Islom Aloqalari Kengashi hisobicha, musulmonlarning 86 foizi ovoz berishga shay.

Oq uyga respublikachi nomzod Donald Tramp musulmonlardan shubhalanib, ularni keskin tekshirish kerak deb chiqqanidan beri jamoa ancha sergak tortgan.

Amerika musulmonlarining aksariyati qora tanlilar, janubiy osiyoliklar va arablar. Ular bu zaminda uzoq tarixga ega va boshqa amerikaliklardan qolishmaydi, deydi jamiyatshunoslar.

Amerika-Islom Aloqalari Kengashi rahbari Nihad Avad fikricha, Trampning gaplari saylovoldi vasvasa, propaganda. Lekin ularga jiddiy qarash kerak, deydi faol.

Nyu-Jersi shtatida

Nyu-Jersi shtatida

Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, AQShda 3,3 million musulmon bor. Aholining qariyb 1 foizi. 1,5 millioni ovoz berish huquqiga ega.

2500 masjid, 500 maktab va jamoat markazlarida targ'ibot ishlari olib borilgan.

Musulmonlar azaldan konservativ qatlam hisoblanadi va odatda respublikachilarga ovoz berib kelgan. Biroq hozirda ko'pchilik demokratlar tomonda. Chunki ularga respublikachi nomzod Tramp ma'qul emas.

Musulmon davlatlaridagi urushlarda ham ko'pchilik respublikachilarni ayblaydi. Oktabr oyidagi so'rovlada musulmon amerikaliklarning 72 foizi Hillari Klinton, demokrat nomzodni quvvatlashini aytgan.

Kaliforniya, Nyu-York va Nyu-Jersi singari shtatlar asosan demokratlarniki va musulmonlar bu hududlarda eng katta sonlarni tashkil etadi.

Florida, Michigan, Ogayo, Pennsilvaniya va Virjiniya singari biror partiyaga sodiq bo'lmagan shtatlarda ham musulmonlar oz emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG