Breaking News

Tibbiy sug'urta - saylovdagi asosiy masalalardan


Tibbiy sug'urta - AQShda qizg'in mubohasalarga sabab bo'lgan masala
Tibbiy sug'urta - AQShda qizg'in mubohasalarga sabab bo'lgan masala
Amerikada bu galgi prezident saylovlarida asosiy mavzulardan biri – Medicare kelajagi. Dastur yoshi 65 dan ulug’ fuqarolarga davlat hisobidan tibbiy sug’urta berishni ko’zlaydi. Mamlakatdagi eng jiddiy ijtimoiy yordam dasturlaridan. Lekin ko’proq odam madad so’rab murojaat qilar ekan, davlat pul masalasida qiynalib qolgan. Nima qilish mumkin, degan savolga respublikachi va demokratlar javobi har xil.

Florida shtati, Tampa shahrida yashovchi Xyu Klark muntazam qon topshirib, shifokor ko’rigidan o’tmasa bo’lmaydi. Yuragi xasta Klark Medicare davlat sug’urtasidan foydalanadi. Biror yeri o’zgartirilmasin, deydi u:

“Ayrim masalalarni xususiy shirkatlar emas, balki davlatga qo’yib bergan ma’qul”.

Respublikachilar hozir yoshi 55 dan oshgan fuqarolar uchun Medicare dasturini shu holicha saqlab qolmoqchi. Lekin qolgan barcha xususiy sug’urta firmalariga murojaat qilishga majbur bo’ladi.

“Yosh avlodning holi nima kechadi?” – deydi pensioner Ann Kuk. “Shuni o’ylab qayg’uraman. Bizga-ku imtiyoz bor, lekin kelasi avlodlarni o’ylash kerak-ku!”

Lekin ayol nafaqaxo’rlar soni ortib, hukumat hammani qoplab ulgurmayotganini tushunadi. Nafaqa va sug’urtani birday saqlab qolish qiyin.

“Odamlar bugun uzoq yashab, uzoq ishlayapti, shu bois, balki asta-sekin nafaqaga chiqish yoshini oshirish kerakdir”, - deydi u.

Vitse-prezidentlikka respublikachi nomzod Pol Rayan Medicare dasturini o'zgartirish tarafdori va muqobil islohot muallifi
Vitse-prezidentlikka respublikachi nomzod Pol Rayan Medicare dasturini o'zgartirish tarafdori va muqobil islohot muallifi
Respublikachilar keksalarga atalgan tibbiy xizmat dasturiga tuzatish kiritmoqchi. Taklif muallifi – vitse-prezidentlikka nomzod, Viskonsin shtatidan qonunchi Pol Rayan. Floridaning Tampa shahrida partiya qurultoyida u “Medicare dasturi odamlar hayotini yengil qildi. Ko’plar uchun, masalan onam uchun samarali bo’lgan. Uning ahamiyatini inkor etmaymiz”, deya e'tirof etdi.

Rayanning taklifi nimadan iborat? Medicare dasturi endi qariyalarga har yili qanchadir pul bersin, deydi siyosatchi. Mablag’ni olib ular o’zi xususiy tibbiy sug’urta xarid qilsin. Holbuki, hozirgi holida Medicare, ya’ni davlat bu xarajatu sug’urtani butkul o’zi ko’taradi. Ayrim yoshlar Rayanning hukumat sarfiyatini kamaytirish kerak, degan fikriga qo’shiladi, lekin...

“Men ota-onam kabi soliq to’lab kelayotgan bo’lsam, teng va xolis ijtimoiy yordamga haqliman-ku? Nimaga kamsitishadi?” – deya hayron Tampa Universiteti talabasi Kristian Rut.

Ammo Floridadan respublikachi qonunchi Dennis Ross fikricha, dasturni isloh qilish kerak.

“Hozirgi shaklda qoldirib bo’lmaydi. 10 yildan keyin bankrot bo’ladi, axir”, - deydi kongressmen dastur haqida.



Respublikachilar Medicare dasturini yo’q qilmoqchi, degan qo’rquv bor. Mitt Romni va partiyadoshlar bu yanglish fikrga o’zgartirishi kerak, deydi Ross.

“Odamlarga haqiqiy iqtisodiy ahvol qandayligini tushuntirsak, Medicare bugun qanday ahvolda ekani va bir yil o’tib unga nima bo’lishi, uni saqlab qolmoqchi ekanimizni namoyish qilsak, amerikaliklar biz tarafda bo’ladi”.

Respublikachilar tibbiy sug'urtani nima qilmoqchi? / Nasiba Tohir
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:40 0:00
Yuklab oling


Shu bilan birga siyosatchi Dennis Ross Ann Kuk kabi oddiy odamlar ko’ngliga yo’l topish oson emasligini tan oladi. Nafaqadagi ayol respublikachilar Obama joriy etgan tibbiy sug’urtani yo’q qilmoqchi, o’rniga esa hech narsa taklif qilmayapti, deydi.

“Respublikachilar sug’urtasi yo’qlar uchun nima taklif qila oladi? Eshitmayapman-ku!” – deya so’raydi pensioner.

Amerikada tibbiy sug’urta dolzarb mavzulardan. Tibbiy xizmat qimmat, hammada ham sug’urta sotib olish imkoni yo’q. Keksayganda shu haqda qayg’urmaylik, loaqal, deydi saylovchilar.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG