AQSh: Prezidentlikka uchinchi partiyadan nomzod bo'lish osonmi?

  • Amerika Ovozi

Libertarian partiyasidan prezidentlikka nomzod Gari Jonson

Libertarian partiyasidan prezidentlikka nomzod Gari Jonson

Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka da’vogarlar orasida faqat Donald Tramp qoldi, ammo unga qarshilar ko’p. Ommaviy so’rovlardan ma'lumki, demokratlardan yetakchi Hillari Klintonni ham saylovchilarning qariyb yarmi yoqtirmaydi.

Bu "biz kabi nomzodlar uchun imkoniyat", deydi Libertarian partiyasidan poygada qatnashayotgan Gari Jonson.

“Jamiyatni Klinton va Trampchalik bo’lib qo’ygan shaxslarni topa olmaysiz. Bugun amerikaliklarning qariyb 50 foizi o’zini mustaqil saylovchi deb biladi. Demak, ular libertarian, lekin hali o’zlari bilishmaydi”, - deydi Jonson.

Amerikada 1850-yillardan buyon ikki partiya hukmronlik qilib keladi - respublikachilar va demokatlar. Uchinchi bir partiya prezidentlikka o’z nomzodini ko’rsatishi juda qiyin. Asosiy sabab - moliya.

Saylovlar va moliya

Prezidentlikka nomzod bolish uchun qisqagina formani to’ldirib, Federal saylov komissiyasiga topshirish kifoya. Shu kungacha 1700 ta shunday ariza topshirilgan. Ro’yxatda Vladimir Putin, Fidel Kastro, Roki Balboa degan soxta ismlar ham bor.

Nomzodligi rasman tasdiqlanishi uchun da’vogar tarafdorlaridan kamida 5000 dollar yig’ib olishi zarur. Partiyaviy poygada qatnashish uchun federal hukumatdan ham yordam olsa bo’ladi. Shart shuki, siz avvalo 20 ta shtatning har birida 5000 dollardan mablag’ to’playsiz.

Saylov komissiyasiga ko’ra, Libertarian partiyasi 320 ming dollar, Yashillar partiyasi 223 ming dollar jamg’arib, yuqoridagi talablarni bajargan. Qiyos uchun, Hillari Klinton shu kungacha 180 million dollar, Donald Tramp esa 48 million dollar to’pladi.

Yashillar partiyasidan prezidentlikka nomzod Jill Steyn

Yashillar partiyasidan prezidentlikka nomzod Jill Steyn

Nomzodlarni saralash bosqichi yakunlanganidan keyin umumiy saylov uchun pul topish ham yana bir masala. O’tgan galgi saylovda kamida 5 foiz ovoz olgan partiya hukumat hisobidan o’z kampaniyasini moliyalashga haqli. Ammo 2012-yilda uchinchi partiyalardan hech biri bu talabni qondira olmagan. Demak, faqatgina respublikachi va demokrat nomzodlargina, agar istasa, federal hukumatdan 96 million dollar olishi mumkin.

Ammo shundoq ham yaxshigina moliyalangan ikki yirik partiya uchun buning ahamiyati yo’q. Buning ustiga, agar nomzod federal hukumatdan pul olsa, boshqa manbalardan voz kechishi kerak. 2012-yilda Barak Obama va uning raqibi Mitt Romni hukumatdan moliya olmagan.

Saylov kampaniyasini soliq to’lovchilar hisobidan qoplash 1976-yilda boshlangan. Fuqarolar shu maqsadda ixtiyoriy ravishda 3 dollargacha berishi mumkin. Bugungi kunda nomzodlar o’zini o’zi moliyalashni ma’qul ko’rgani bois jamg’armada hozir 300 million dollar pul yig’ilib qolgan.

Byulletenlar

Uchinchi partiyadan Oq uyga da’vogar mablag’ topishni uddaladi ham deylik. Navbatdagi vazifa - byulletenga o’z ismini tushirish.

Qoidalar har shtatda har xil. Masalan, Tenessida bir necha yuz saylovchidan imzo yig’ishingiz kerak, Kaliforniyada esa qariyb 200 ming. Gari Jonsonning aytishicha, uning Libertarian partiyasi 50 shtatning barchasida byulletenga tushadi.

Debatlar

Navbatdagi to’siq - debatlarda ishtirok etish. Nomzodlar bir sahnada turib, mamlakat oldidagi eng dolzarb muammolar bo’yicha bahslashadi, o’z yechimlarini taklif qiladi, saylovchiga o’zini tanishtiradi.

Ammo debatda ishtirok etish uchun da’vogar ommaviy so’rovlarda kamida 15 foiz ovoz to’plashi zarur. 1992-yildan buyon debatlarda uchinchi partiya vakili qatnashgan emas.

2012-yilgi saylovda Barak Obama 65 million ovoz bilan g’alaba qozongan edi. Respublikachi Mitt Romni o’shanda 60 million, Libertarian partiyasidan Gari Jonson 1,3 million, Yashillar partiyasidan Jill Steyn esa 465 ming ovoz to’plagan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG