AQShda saylov yaqinlashar ekan, ayrim shtatlar - "jang maydonlari"

  • Amerika Ovozi

Amerikada prezident saylovi yaqinlashar ekan, ayrim shtatlar siyosatdonlar so’zi bilan aytganda jang maydonlari. G’alaba kim tomonda bo’lishini aynan shu hududlar hal etadi.

Virjiniya shtatining Shenandoa vodiysi.

Ko’m-ko’k tog’ tizmalari bilan tanilgan bu hudud qishloq xo’jaligiga asoslangan.

Vudstok degan kichik shahardamiz. Syuzan Kurran singari faollar fermerlarni gapga soladi.

Mahalliy hukumat xalqdan olingan soliqni o’ylab ishlatmaydi, deydi u, keraksiz inshootlar qurayapti. Mas’uliyatsizlik, deydi u.

“Fuqaro o’z haq-huquqlariga ega… Bizning dardimizni tinglamasa, nima keragi bor bunday hukumatning? Rahbarlar biz ulardan to’yganimizni biladi. Bu yaxshi”,- deydi Kurran.

Vudstokda demokratlar hukmron. Syuzan Kurran kabi respublikachilar o’z partiyasini targ’ib qilmoqda.

“Prezident Obamaning siyosati, uning tashabbuslari, hammasiga qarshiman. Ketsin u rahbarlikdan”,- deydi Kurran.

Demokratlar na federal, na mahalliy hokimiyatni eplayapti, deya noliydi bu fuqaro.

Prezidentlikka respublikachilardan nomzod Mitt Romni va Kongressdagi konservativ arboblar shunday saylovchilarga tayanmoqda.

Vudstok shahridan 160 kilometr naridagi Sharlottsvil shahrida Obama tarafdorlari targ’ibot olib bormoqda.

Prezident to’rt yil oldin Oq uyga saylanish uchun yoshlarga suyangan edi. Bu safar ham umid ulardan, deydi demokratlar. Talabalar “biz tayyor” deydi.

“Virjiniya Universitetida yosh demokratlar harakati hammani ovoz berishga undamoqda. Ko’pchilik ilk marta ovoz berish arafasida. Tadbirlarimizga yuzlab yoshlar kelayapti, qiziqish katta. Biz prezidentni quvvatlashda davom etamiz”.

Obama saylovoldi kampaniyasini aynan shunday faol yoshlar tebratmoqda, deydi Matias Vondvosen.

“Virjiniya saylovda juda muhim rol o’ynaydigan shtat. Bu yerda yutqazsangiz, Oq uyni ham boy berasiz. Yoshlar kimga ovoz berishni biladi”,- deydi u.

Reytinglarda Obama bu shtatda Romnidan sal oldinda ketmoqda. Har bir ovoz bebaho, deydi tahlilchi Kayl Kondik.

“Reytinglar omma kayfiyatini aks ettiradi, lekin saylov kuni fuqaro kutilmaganda ahdidan qaytishi mumkin. Virjiniyada buni ko’rganmiz. Shu bois e’tibor katta”.

150 yil oldin Virjiniya fuqaro urushining eng qonli maydonlaridan biri bo’lgan. Urush boshlangan va yakunlangan shtat shu. Amerika birligini saqlab qolgan. Bu tarixiy sana tantana qilinar ekan, nomzodlar diqqatni mahalliy aholini qiynayotgan masalalarga qaratmoqda. Ishsizlik keng, sog’liqni saqlash va ta’lim qimmat.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG