Prezidentlikka da'vogar respublikachilar tashqi siyosat haqida nima deydi?

  • Amerika Ovozi

Respublikachi da'vogarlar Ayova shtatida munozara qilmoqda, Eyma shahri, 12-avgust, 2011-yil

Respublikachi da'vogarlar Ayova shtatida munozara qilmoqda, Eyma shahri, 12-avgust, 2011-yil

AQShda Respublikachilar partiyasidan vakillar kelasi yilgi prezident saylovlarida Demokratik partiyadan nomzod, amaldagi rahbar Barak Obamaga qarshi yagona nomzodlik uchun o'zaro kurashmoqda. Saylovoldi kampaniyada iqtisodiy masalalar ustun turishi aytilmoqda, ammo saylovchilar da'vogarlarning tashqi siyosatga doir bilim va pozitsiyalarini ham bilishni istaydi.

Respublikachilar hozirda ichkipartiyaviy poygaga hozirlik ko'rar ekan, Texas shtati gubernatori Rik Perri ham 10 yillik hokimlik kursisini prezidentnikiga almashtirmoqchi. Ammo, deydi mutaxassislar, tashqi siyosatda gubernatorning tajribasi yo'q hisob.

Yaqinda Ayova shtatiga safari chog'ida Perri AQSh-Isroil munosabatlari va milliy xavfsizlik haqida so'zladi.

"Hamkor davlatlar bilan birga bo'lamiz. AQSh prezidenti etib saylansam, Isroil xotirjam bo'lishi mumkin. Dushman bilan murosa qilmaymiz. AQShga biror kimsa tosh otsa, uni tinch qo'ymaymiz", - degan edi Texas gubernatori.

Tashqi siyosat deganda aksar saylovchilar Iroq va Afg'onistondagi urushlarni ko'z oldiga keltiradi. Respublikachilar bu urushlarni qo'llab-quvvatlagan. Ammo hozirgi kampaniyada jamoatchilik ulardan charchaganini tan olmoqda. Xususan, Masachusets shtatining sobiq gubernatori Mitt Romni.

"Kelasi ikki yilda Afg'onistonda qo'shinlarimiz sonini kamaytirib, mas'uliyatni afg'on armiyasiga topshira boshlaymiz. Bundan boshqa iloj yo'q", - deydi Romni.

Tashqi siyosatdagi yana bir mavzu - Eron. Respublikachi da'vogarlar uni Isroilga eng katta xavf, AQSh uchun esa boshog'riq deb biladi.

Biroq texaslik kongressmen Ron Pol o'zgacha fikrlaydi. Prezident bo'lsam, Eronga sanksiya qo'ymayman, hatto yadro quroli ustida ishlayotgan bo'lsa ham, deydi u. Ron Pol poygadagi raqib respublikachilar orasida AQShning Afg'oniston va Iroqdagi harbiy harakatlariga qarshi chiqqan yagona arbob hamdir.

"Tinchlikka erkin savdo orqali erishishi mumkin. Mamlakat ichki ishlariga aralashmaslik, urushlarni boshlamaslik kerak. Askarlarimizni vatanga qaytarish lozim", - deydi u.

Uning bu qarashlarini partiyadoshlaridan Rik Santorum keskin tanqid qildi. Santorum Pensilvaniya shtatidan sobiq senator bo'lib, u ham Oq uyni egallashga umid qilmoqda.

"Dunyodagi ahvol bo'yicha tasavvurga ega bo'lmagan odamgina Eronni Amerika yoki Yaqin Sharq barqarorligiga tahdid deb bilmaydi. Ron Pol bu borada prezident Obamaga o'xshab ketadi", - deydi Santorum.

Respublikachi da'vogarlar orasida Yuta shtati sobiq gubernatori Jon Xantsmen tashqi siyosatda tajribaliroq ko'rinadi. Xantsmen Xitoyda elchi bo'lgan, bu yurt tilini mukammal biladi. Bungacha esa Singapurda ham elchi lavozimida ishlagan.

Ayova shtatida o'tgan da'vogarlar ishtirokidagi munozarada Xantsmen tajribasini ko'z-ko'z qildi.

"21-asrda tashqi aloqalarimiz asosan Xitoy bilan kechadi. Bu ishni to'g'ri yo'lga solish kerak. Men Xitoy bo'yicha mutaxassisman. Masala bilan 30 yildan beri shug'ullanaman. Amerikaga Xitoyni yaxshi bilgan prezident kerak", - deydi Xantsmen.

Saylovlargacha yana bir yil bor ekan, siyosiy tahlilchilar hali ko'p narsa o'zgarishi mumkin, deydi.

Styuart Rotenberg deydiki, saylovchi natijaga qarab nomzodlarga baho beradi.

"Afg'oniston va Iroqda qanday o'zgarishlar bo'ldi? Vaziyat ancha barqarorlashdimi, mana shunga qarashadi", - deydi tahlilchi.

Ijtimoiy so'rov natijalariga ko'ra, xalq iqtisodiy masalalardan ko'ra tashqi siyosatda prezident Obamaga ko'proq ishonadi. Shuning uchun respublikachi da'vogarlar saylov kampaniyasi davomida uning zaif tomoni - iqtisodiyotni tiklash va ish o'rinlarini yaratish masalalariga e'tiborni ko'proq qaratadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG