Saylov-2012: Mitt Romni shtatma-shtat g'olib

  • Amerika Ovozi

Seshanba kuni beshta shtatda respublikachilar noyabr oyidagi saylovlarda amaldagi prezident Barak Obama bilan bellashadigan yagona nomzodni tanladi.

Konnektikut, Delaver, Rod Aylend, Pennsilvaniya va Nyu-York shtatlar Mitt Romni uchun ovoz berdi.

Sobiq senator Rik Santorum ikki hafta oldin poygadan chiqqanidan keyin Romni - asosiy nomzod. Vakillar palatasi sobiq spikeri Nyut Gingrich va Kongress a’zosi Ron Polning undan oshib ketishga imkoni yo’q deyilmoqda.

Respublikachilar partiyasidagi raqiblaridan deyarli qutilgan Romni endi prezident Obamani nishonga olmoqda:

“Bu odamning na g’oyalari bor, na ishini yaxshi bajarmaslik uchun jiddiy sababi. 2012-yilda biz uni prezidentlikdan haydaymiz!”

Prezident Obama shu kunlarda Janubiy Karolinada universitet va kollej talabalari bilan uchrashmoqda. Oliy ma’lumot olishni arzonlashtirish Obama siyosiy platformasining asosiy qismlaridan.

Romni vitse-prezidentlikka nomzod qidirmoqda. Bu muhim lavozimga nomzodni u avgust oyida Floridaning Tampa shahrida bo’lib o’tadigan Respublikachilar partiyasining yalpi yig’inidan oldin tanlashi kerak.

Floridalik senator Marko Rubio nomzodlardan biri deb taxmin qilinayotgan edi. Biroq siyosatchining o’zi buni inkor etmoqda.

Vakillar palatasi a’zosi Pol Rayan va Nyu Jersi gubernatori Kris Kristi ham nomzodlardan.

Romni kimni tanlashi katta rol o’ynaydi, deydi sobiq prezident Ronald Reygan bilan ishlagan Ken Dubershteyn.

“Prezidentilikka nomzod kimni vitse-prezidentlikka tanlashiga qarab Amerika xalqi shu nomzodning o’zi haqida fikrga ega bo’ladi”.

2008-yilda prezidentlikka respublikachi nomzod Jon Makkeyn o’zining muovini qilib Alyaska gubernatori Sara Peylinni tanlagan va jiddiy tanqidga uchragan edi. Romni bunday xatoga yo’l qo’ymaslikka harakat qiladi, deydi Dubershteyn.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG