Saylovda osiyolik amerikaliklar katta rol o'ynashi mumkin

  • Amerika Ovozi

AQSh – immigrantlar o’lkasi. Osiyoliklar bu jamiyatda tezlikda ko’payotgan guruhdir. Ular Amerika siyosatida ham kattaroq rol o’ynay boshlagan. Kongressga saylovlar yaqinlashar ekan, siyosiy partiyalar osiyoliklar ko’nglini ovlash bilan ovora. Lekin bu jarayonda qiyinchiliklar yo’q emas.

Xitoyliklardan tortib kambodjaliklargacha –Los-Anjelesda yashovchi osiyoliklarni saylovda qatnashishga da’vat etishmoqda.

Siyosatshunos Tanzila Ahmadning aytishicha, odatda elektoratning bu qismi chetda qolib ketadi.

“Muammo shundaki, ko’plar hamma osiyoliklar bir, deb o’ylaydi. Aslida bunday emas. Biz rang-barangmiz”.

Ammo bu saylovda o’zgarish bor, deydi Tanzila Ahmad.

“Tarixda ilk bor siyosatchilar “To’xta, to’xta, bu odamlar kim o’zi? Ularni kampaniyamizga qanday jalb etsak bo’ladi? Partiyamizga qanday qilib qo’shsak ekan?” demoqda”.

Gap shundaki, osiyolik amerikaliklar saylovlar natijalariga ta’sir qilmoqda, deya tushuntiradi Kaliforniyadan Kongress a’zosi Judi Chu.

“Ayrim shtatlarda osiyoliklar siyosatchilarga g’alaba olib kelyapti. Masalan, Nevada va Virjiniyada bunday saylovchilar soni ko’paygan…”

Demokratlar partiyasi a’zosi Judi Chu qayta saylanish niyatida. U o’z nomzodini qo’ygan uchastkada aholining 40 foizi - osiyoliklar. Siyosatchilar uchun eng katta muammo til bilmaslik, deydi Chu.

“Ko’plar uchun ingliz tili ona tili emas. Demak, saylovoldi kampaniyasi davrida targ’ibot materiallarini chiqarganda, turli tillarga tarjima qilish kerak”.

Xorijiy tillarda chiqadigan matbuot bilan ham aloqa o’rnatish zarur. Indoneziyalik Devid Artan xabarlarni shunday manbalardan oladi.

“Indoneziya jamoasi chiqaradigan jurnalni o’qiyman,” - deydi u.

Osiyolik amerikaliklar odatda respublikachilar emas, demokratlar uchun ovoz beradi. Ammo demokrat Allison Vatanabe ovoz berishi uchun nomzodning osiyolik bo’lishi yetarli emas.

“Qadriyatlarimiz bir bo’lishi kerak,” - deydi u.

Janubiy Karolina universitetidan siyosatshunos Morris Levi deydiki, ko’pgina osiyoliklar hech qaysi partiyani qo’llab-quvvatlamaydi.

“Hatto so’nggi saylovlarda demokratlar uchun ovoz bergan saylovchilar orasida “men demokratman” deydiganlar ko’p emas”.

Har ikkala partiya saylovchilar ko’nglini ovlash bilan ovora.

Shon Stil – respublikachi faollardan.

“Immigrantlar orasida eng ko’p muvaffaqiyatga erishgan, Amerikaga eng tez moslashgan guruh - osiyoliklar. Ular yordamida Respublikachilar partiyasi o’zgarishi mumkin. Ular nafaqat ovoz beradi, balki partiyani boshqara oladi ham,” - deydi u.

Stilning rafiqasi Mishel ham nomzod. Kaliforniyada shtat va mahalliy darajada o’z nomzodini qo’ygan sanoqli osiyoliklardan biri.

“Respublikachilar bizning saylov uchastkamizni ham kuzatyapti, chunki osiyolik amerikaliklardan to’rt ayol o’z nomzodini qo’ygan. Bu esa partyani tubdan o’zgartirishi mumkin”.

Morris Levi fikricha, qaysi nomzod uchun ovoz berishni bilmagan osiyolik amerikaliklar ko’p.

“Immigratsiya ko’lami keng. Osiyoliklarda AQSh siyosiy tizimi haqida endi tasavvur paydo bo’lyapti. Partiyalar mamlakatga yangi kelgan odamlarni o’z tomoniga og’dirishga harakat qilar ekan, hech kimni qat’iyat bilan ma’qullamaydigan saylovchilar ko’payaveradi”.

Osiyoliklar muayyan partiyaga ovoz berishi uchun siyosatchilar qattiqroq harakat qilishi kerak. Jamoa bilan aloqa o’rnatish barobarida ular orasidan nomzodlarni ham ilgari surish maqsadga muvofiq bo’lardi, deydi mutaxassislar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG