Amerikada qora tanli saylovchilar faollashgan

  • Amerika Ovozi

Afro-amerikaliklar odatda demokratlarni qo’llab-quvvatlaydi.

To’rt yil oldin ular jonbozlik ko’rsatib, AQSh tarixida ilk bor qora tanli prezidentning saylanishiga hissa qo’shgan edi.

Bu safar qanday bo’ladi, ma’lum emas, chunki iqtisodiy tanazzul ko’p fuqarolar hayotini og’irlashtirdi.

Shimoliy Karolinada erta ovoz bergan Uolter Gilmorning aytishicha, ishsizlik yuqori.

Bu shtat to’rt yil burun Obamani qo’llab-quvvatlagan edi. So’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, bu safar imkoniyatlar deyarli teng, prezidentning respublikachi raqibi Mitt Romniga ovoz bermoqchi bo’lganlar oz emas.

Saylovda ilk bor qatnashayotgan bir qora tanli talabaning aytishicha, yoshlar saylov natijalariga ta’sir qilishga qodir.

Alma Adams Shimoliy Karolina shtati kengashida 18 yildan ortiq vaqt ishlagan. Uning aytishicha, afro-amerikaliklar saylovda faol, Demokratik partiyaning ularga ehtiyoji katta ekanini tushunishadi, deydi u.

"Odamlar masalaning muhimligini anglab yetmoqda, jarayondan chetda qolishni istashmayapti", - deydi u.

Adams demokrat, bu yili ham nomzodini saylovga qo’ygan. U sifatli ta’lim, eng oz ish haqi miqdorini oshirish kabi masalalarni qo’llab-quvvatlaydi.

"Odamlarni ish bilan ta’minlash kerak, imtiyozlar haqida o’ylash lozim", - deydi u.

Olga Rayt Adamsning respublikachi raqibi. U ham qora tanli, biroq Shimoliy Karolina saylovlarida respublikachi afro-amerikaliklar ko’p emas.

Rayt ta’lim sifatini yaxshilash, kambag’al oilalarga yordam berish haqida gapirib keladi. Demokratik qarashlarga ega saylovchilarning ovozlarini olish oson bo’lmaydi, deydi u.

"Men jamiyatni bo’layotgan siyosiy qarashlardan uzoqroq turishga harakat qilaman. Saylovchilar respublikachi bo’lganim uchun emas, ishimga qarab, fikrlarimga qarab ovoz berishlarini istayman", - deydi Olga Rayt.

Uning demokrat raqibi Alma Adams kampaniya davomida jamiyat uchun asqotayotgan dasturlarni saqlab qolishga harakat qilishini aytdi.

Afro-amerikalik demokrat va respublikachi nomzodlarning fikr va qarashlari ko’p hollarda qarama-qarshi bo’lsa-da, bir narsada ular hamfikr: qora tanli aholi siyosiy jarayonlarda faollashmoqda va bu jamiyat uchun yaxshi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG