Amerikaliklar saylovdan keyin iqtisod o'nglanadi degan umidda


Amerikaliklar saylovdan keyin iqtisod o'nglanadi degan umidda

Amerikaliklar saylovdan keyin iqtisod o'nglanadi degan umidda

AQShda Kongressga saylovlarda demokratlar mag'lubiyatga uchradi. Vakillar Palatasi endi respublikachilar qo’lida. Ular oldin demokrat gubernatorlar boshqargan 11 shtatni ham egalladi.

Ko’pchilik amerikaliklar nazarida bu o’zgarish iqtisod yuksalishiga turtki berib, ishsizlik kamayadi.

Respublikachilar endi hukumatda katta kuch. Pensilvaniya shtati Pittsburg shahrida ular gubernator va senatorlik kursilarini ham qo’lga kiritgan.

“Nomzodlardan umidim katta. Ular iqtisodimizni yaxshi tomonga tez o’zgartiradi”, - deydi Mariya Lif.

U matbuotdagi ishini bir yil oldin yo’qotgan. Yaqingacha ishsizlik nafaqasiga kun ko’rib, endi o’zini ko’chmas mulk sohasida sinab ko’rmoqchi.

Pittsburg shahrida uy-joy narxi shtatning boshqa shaharlariga qaraganda baland. Oldi-sotdi kam. Saylov ortidan turar-joy savdosi ham jonlanishi kerak, deydi Mariya Lif.

“Saylovdan oldin odamlar biror jiddiy qaror qabul qilishga shoshilmay turadi. Mana saylov ham o’tdi. Endi ular yangi yilga qolmasdan uy qidirishni boshlaydi. Savdo qiziydi”.

Lekin xavotirlar ham yo’q emas. Agar hukmron respublikachilarda iqtisodni ko’tarish borasida aniq reja bo’lmasa, umidlar puchga chiqishi mumkin.

“Ford” avtomobilsozlik kompaniyasi xodimi Jon Chamblis respublikachilarga ishonch yo’q deydi.

“Ular iqtisodni ijobiy tomonga o’zgartira olishiga ishonmayman. Bilasizmi, kapitalizmda o’sish va pasayishlar tabiiy holat. Uni o’z holiga qo’yish kerak. Hukumat turli yo’llar bilan vaziyatga ta’sir qilishga urinsa ham biror chora chiqishi amrimahol”.

Advokat Charlz Xromov boshqacha fikrda.

“Hukumat mana shunday vaziyatda aralashmasa yana qachon aralashadi? Respublikachilar aytayotganidek, sarf-xarajatni oshirish emas, aksincha, qisqartirish kerak. Ishsizlik, iqtisodiy tanglik yetarlicha chora ko’rilmayotgani sabab yuz bermoqda. Respiblikachilar esa yana qisqartirish siyosatini o’lga suradi. Bu xato siyosat”, - deydi Xromov.

Tadbirkor Lalit Chordia biznesni rivojlantirish uchun soliqlar kamayishi kerak deydi. U Pittsburgda Thar Technologies kompaniyasi rahbari.

“Soliqlar kamaysa, biz daromadning kattaroq qismini sarmoya sifatida ishlatar edik”, - deydi u.

Thar Technologies atrof-muhitni asrash, qayta ishlab chiqarish bobida faoliyat olib boradi. Bu yo’nalishni prezident Obama ham o’lga suradi.

Kompaniya chiqindilardan yonilg’i oladigan uskunalarni yasash va eksport qilish bilan shug’ullanadi. Lekin respublikachilar va demokratlar, deydi kompaniya rahbari, bio-yonilg’i savdosini kengaytirish borasida bir to’xtamga kelganicha yo’q. Qonunchilar bahsu-munozaradan bo’shamayapti.

“Hukumat bioyonilg’i siyosatini tezroq ko’rib chiqib, qarorlar qabul qilsa, biz tadbirkorlatga ham oson bo’lar edi”, - deydi biznesmen.

Kelasi yili Chordia kompaniyani kattaroq shaharga ko’chirib, ishchilar sonini ko’paytirmoqchi. Lekin hammasi siyosatga bog’liq, deydi u.

XS
SM
MD
LG