Demokratlar Kongressdagi o'rinlarni boy berishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Demokratlar Kongressdagi o'rinlarni boy berishi mumkin

Demokratlar Kongressdagi o'rinlarni boy berishi mumkin

Amerikada umumiy saylovlar yaqinlashar ekan, Respublikachilar Partiyasining nufuzi baland. Ommaviy so’rovlar natijasi shuni ko’rsatmoqdaki, ko’pchilik Barak Obama siyosati va uning Demokratik Partiyasidan norozi.

Prezidentning esa osonlikcha boy bergisi yo’q va jamoatchilikni iqtisod butunlay oyoqqa turishi uchun yana ozgina sabr qilish kerak deya ishontirishga urinmoqda.

Obama mamlakat bo’ylab, shtatma-shtat aylanib, saylovchilar bilan uchrashmoqda. Odamlar kimga ovoz berishi haqida bir qarorga kelib bo’lganini aytmoqda, lekin, deydi prezident, maqsad xalq dardini tinglash.

Prezident qayerga bormasin, keskin tanqid bilan yuzlashmoqda. “Bizneslarga soliqni pasaytirib, infrastrukturani yangilab, ish o’rinlari yaratayapmiz”, deydi u.

Ogayo shtati Klivlend shahrida saylovchilar bilan muloqot qilarkan, “Ishsizlik va va’dabozlikdan to’yganingizni tushunaman”, - deydi.

"Lekin respublikachilarga ishonmang", - deydi u.

“So’nggi saylovlardan beri ko’p narsa o’zgardi. Lekin oldimizda hali qator murakkab muammolar turibdi. Afsuski, mamlakatimizda hamon qo’rquv hukmron. Umid yoki qo’rqinch orasida sarsonmiz",- deydi prezident.

"Oldinga harakat qilish uchun kelajakka ishonish kerak. Men sizdan shuni so’rayapman. Saylovda ovoz berishdan oldin shu haqda o’ylang",- deydi Obama.

Prezident fikricha, muxolifat, xususan, Kongressda respublikachilar yetakchisi Jon Beyner hozirgi rahbariyatdan qo’rqing deya xalq yuragiga g’ulg’ula solmoqda. Beyner esa ayb prezidentda deydi.

“Prezident Obama iqtisodiy kengashidagi hammani ishdan bo’shatishi kerak. Ariza yozsin ular. Moliya vaziri Timoti Gaytnerdan tortib, bosh maslahatchisi Larri Sammersgacha”,- deydi Beyner.

Kongressda 2006 yildan beri demokratlar hukmron. Har ikki palatada ular ko'pchilik o'ringa ega.

Kongressda 2006 yildan beri demokratlar hukmron. Har ikki palatada ular ko'pchilik o'ringa ega.

Beyner va respublikachilar talabi shuki, Obama Jorj Bush davridan qolgan soliq tizimini amalda qoldirsin. Ya’ni barcha amerikaliklar uchun, daromadidan qat’iy nazar, soliq kamaytirilsin. Yillik daromad chorak million dollardan oshsa, mayli ko’proq soliq to’lasin, deydi ular.

Respublikachilarning iddaosi aniq – demokratlarning ham Senat, ham Vakillar Palatasidagi hukmronligini tugatish.

Deyvid Mark, “Politico” axborot agentligi muharriri, ta’biricha, demokratlar haqiqatan ham Kongressdagi ko’pchilik o’rinni boy berishi mumkin. Obama iqtisodni tiklashga qanchalik harakat qilmasin, saylovga atigi bir necha kun vaqt qolmoqda.

“Prezidentning muammosi mana shunda. Ishsizlik darajasi 9,5-9,6 foizda turibdi. Bu qo’rqinchli ko’rsatkich. Yalpi daromad, iqtisod juda sekin o’sayapti. Ularga qarab xavotirlanasiz, albatta. Vaziyat shunday qolaversa, bu prezidentga qimmatga tushadi”.

Siyosiy tahlilchi Villyam Galston bunga qo’shiladi.

“Xalq iqtisodiy ahvolni ko’rib turibdi va xulosa qilib bo’lgan. Ovozni bugungi turmush-tirikchilikka qarab beradi. Prezident haqida ham o’z qarashiga ega. Uning nimaga qodir ekanini ko’rdi. Lekin bu, 2012-yildagi prezident saylovigacha hech narsa o’zgarmaydi degani emas”, - deydi u.

Obama esa reytinglar va bashoratni chetga surib, xalq ko’nglini ovlash bilan ovora. Demokratlar, shu jumladan prezident ham va’dasini bajara oladi, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG