Breaking News

Amerikadagi prezidentlik saylovi tojikistonliklar nazarida


Tojikiston ziyolilari AQSh elchixonasi vakillari bilan
Tojikiston ziyolilari AQSh elchixonasi vakillari bilan

AQShda prezidentlik saylovi yaqinlashar ekan, Tojikiston ziyolilari orasida bu saylov natijalariga qiziqish baland.

Mahalliy tahlilchilarga ko’ra, Amerika tarixida ayol kishining ilk bor yuksak maqomga erishish imkoniyati katta. Zukko ayol va siyosatchi onaning prezident bo’lishi hozir AQSh uchun muhim ahalmiyatga ega, deydi ayrim mahalliy tahlilchilar. Shu bilan birga, islom aqidaparastligi kuchayib borayotgani kuzatilayotgan Tojikistonda Amerika bo’lsa ham, davlat tepasiga ojiza jins vakilining kelishi yaxshilik alomati emas, deguvchilar ham bor.

Ammo AQShdagi prezidentlik saylovi Tojikiston aholisining keng qatlami orasida u qadar e’tiborga olinayotgani yo'q. Ayni paytda mintaqadagi hozirgi sharoit va siyosatga, yaqin kelgusida nimalarni kutish mumkin va nimaga tayyor bo’lish kerak qabilidagi savollarga qiziquvchi ziyolilar orasida o’lka kelajagini AQShdagi prezidentlik saylovi bilan bog’laydiganlar yo’q emas. Shundaylardan biri prezidentlikka nomzod Hillari Klinton bilan bir vaqtlar Dushanbega tashrifi chog’ida uchrashgan tojik tadbirkor ayolidir.

"Bir necha yil oldin Hillari xonim bilan poytaxtimizda tadbirkor ayollar qurshovida bo’lganman. O’shanda ochiq chehrali bu latofatli xonim barchamizda juda yaxshi taassurot qoldirgandi. Albatta, u vaqtda sharoit boshqacha edi, hozir muhitning o’zi o’zgargan. Dunyo biz kutgan darajada emas. Biron narsaga aniq baho berib, bugunda shundayu, ertaga bunday bo’ladi, deb hech kim qat’iy javob bera olmaydi. Lekin bir narsa aniqki, AQSh tarixida birinchi bor ayol kishi prezident bo’ladi, bu shubhasiz. Negaki, AQSh dunyo siyosatida yetakchilik qilar ekan, u jamiyat qandaydir yangicha rahbarga, boshqacha qarashdagi liderga muhtoj. Ayol esa, aynan shunday insondir", - deydi ismini bildirishni istamagan tojik tadbirkor ayoli.

Tojikistonlik siyosatshunos Abdujabbor Yo’ldoshev ham AQShdagi prezidentlik saylovida milliarder Tramp emas, sertabassum Hillari Klinton xonimning g’alabasiga ko’proq ishoinadi.

"Bilamizki, Amerika tarixida ilk bor kelib chiqishi afrikalik bo’lgan Barak Obama saylovlarda nomzodini qo’ygan va ikki bor g’olib bo’lgan edi. Bu ayol ham Amerikadagi saylovlarda g’olib chiqishi mumkin. Negaki, nazarimda Hillari hozir AQSh jamiyati istagan va kutayotgan shaxsdir. Bugungi sharoitda prezidentlik saylovi natijalarini milliarderning pullari, uning ta’siri yoki targ’iboti emas, balki ko’p sonli saylovchilarning qalbidan joy ola bilishlik belgilaydi. Sertabassum Hillari xonim esa, ayni o’sha shaxs sifatida maydonda turibdi, -deydi Abdujabbor.

Qo’rg’ontepalik sharqshunos Davron Xotamov aytadiki, ayolmi, erkakmi, AQSh hozir kuchli shaxsga muhtoj.

AQSh ma’muriyati oldida global muammolar turibdi. Sharq bilan tillashish, Osiyoda mavqeni saqlash, Yevropada ustuvorlikni qo’ldan bermaslik AQSh uchun oldinda turgan eng muhim vazifadir.

"Suriya, Ukraina masalasi, Rossiya bilan munosabat, islom davlatlari bilan mushtarak siyosat yurita olish, bularning barchasi ayolga og’irlik qiladi", - deydi Hamroyev.

Qarashlari birmuncha radikallashgan, ammo o’zini bu toifadan hisoblamaydigan yosh tojik ziyolisi - Shodmonning fikricha, har qanday davlat tepasiga ayol kishining kelishi yaxshilik alomati emas.

Ayollardan hukmdor chiqsa, mamlakat inqirozga yuz tutadi, deydi u. Keskin fikrlayotirsiz-ku, degan luqmaga Shodmon, biz shunday o’qiganmiz va buni to’g’ri hisoblayman, deb javob beradi.

Mahalliy jamiyatshunos Anatoliy Hayimshoyevning aytishicha, Markaziy Osiyoda hozir bu kabi fikrlovchi dindor yoshlar anchagina, ular ongini mahalliy mullalar emas, chetdan kelgan targ’ibot buzmoqda.

"AQShdagi prezidentlik saylovlarida Hillari xonimning imkoniyatlari milliarder Donald Trampnikidan ko’proq. Faqatgina ayol bo’lgani uchun ham, aqalli latif jins vakili, ona bo’lgani sababidangina unga ko’proq ovoz beradilar. Tramp esa, qanchalik puldor bo’lmasin, qanchalik intilmasin, uning imkoniyatlari oz. Saylovoldi chiqishlari bilanoq nazarimda u o’zining mavqeiga putur yetkazdi, nojoiz gaplarni aytdi, buni eshitib turibmiz", - deydi Hayimshoyev.

Klinton xonim bilan uchrashgan Tojikistonlik tadbirkor xotin-qizlar Klinton xonim tarafdori bo’lib, undan umidvor bo’lsalar-da, tojik eksperti Yo’ldoshev Hillari Klinton saylanishi bilan biron nima o’zgarib qolmaydi, deydi.

"Kim saylanishidan qat’i nazar, xoh milliarder Tramp bo’ladimi, xonim Hillari bo’ladimi, ularning siyosatni unday qilaman-u, boshqacha qilaman deb bugun aytayotganlari saylovlardan so’ng baribir bo’lmaydi. Birorta va’dasi amalga oshmaydi, siyosatni boshqacha olib boradilar. Chunki bu Amerikada odatiy holga aylangan. Lekin shuni ta’kidlash kerakki, Amerikadagi prezidentlik saylovi dunyo siyosatiga o’zgartirish olib kirisi mumkin bo’lgan katta siyosiy maraka hisoblanadi, oqibat ham shunga yarasha bo’ladi", - deydi Abdujabbor.

Uning fikricha, AQShdagi prezidentlik saylovi Markaziy Osiyoda siyosiy o’zgarishlar kutilayotgan bir pallada o’tmoqda. Shunday ekan, Amerikaning yangi prezidenti mintaqaga aloqador xos rejalarini amalga oshirishiga to’g’ri keladi, deydi u.

XS
SM
MD
LG