Amerikada saylovlar: Konkret g’oyalar bilan chiqsangiz ovozlar sizniki


Mehnat yarmarkalarida turna qator odam.

Mehnat yarmarkalarida turna qator odam.

Ommaviy so’rov natijalaridan shu narsa ayonki, yaqinlashayotgan Kongress saylovlarida amerikaliklar uchun iqtisodiyotdan muhimroq masala yo’q.

Oq uy va qonunchilik organida demokratlar hukmron ekan, xalq barcha muammolarda ularni ayblashi tabiiy.

Prezident Obama shtatma-shtat yurib, ularning ko’nglini ovlamoqda. “Muammolarga ochiq ko’z bilan qaraymiz, lekin mendan mo’jiza kutmang, ularga oson yechim yo’q”, - deydi prezident.

Amerikada hozir ishsizlik darajasi 9.6 foiz. Kaliforniyadek yirik shtatlarda bundanda yuqori. Ish bering bizga, deydi saylovchilar.

Barbara Bokser, Kaliforniyaning uzoq yillik senatori, hukumat oldida bundan muhimroq vazifa yo’q deydi. Soliq imtiyozlari hisobiga shtatda ekologik toza ish joylari yaratishga va’da bergan.

Uning respublikachi raqibi Karla Fiorina, Hewlett-Packard kompaniyasi sobiq rahbari, soliqlarni kamaytirish, hukumat rolini cheklash va shu orqali xususiy sektorga ko’maklashish tarafdori.

Kaliforniya gubernatori uchun poygada ham qizg’in bahslar. Arnold Shvartsnegger o’rniga saylangan rahbar shtatni 19 milliard dollar qarzdan olib chiqish yo’lini qilishi kerak.

2007 yilgi iqtisodiy krizis alomatlari har yerda namoyon. Amerika xalqi so’nggi 70 yilda bunaqangi tushkunlikni ko’rgan emas.

Deylik, Kaliforniyaning Stokton shahrida ishsizlik 17 foizga yetgan. Ayrim mahallalarda qaysi uyga kirmang, qarzda botganmiz deb shikoyat qilishadi.

Amerika tanazzuldan tezda o’zini tiklab oladi, degan umidlar oqlanmadi. Odamlar qiyin ahvolda, deydi iqtisodchi Jeff Maykl.

“Qurilish kompaniyalari bu hududda minglab odamni ish bilan ta’minlar, ularning noni shu edi. Loyihalar hozir taqataq to’xtagan, buyurtmalar 90 foizga kamaygan. Ish bo’lmasa, soliqlar ham kamayadi. Shtat va mahalliy hukumatlar g’aznasi bo’m-bo’sh. Muammolar bir-biriga bog’lanib ketgan. Daromad yo’q”, - deydi iqtisodchi.

San-Fransisko va boshqa shaharlarda umid va najot nohukumat tashkilotlardan. Ular hukumatdan va xususiy manbalardan grantlar olib, ishsizlarga ko’maklashadi, arzon turar-joy bilan ta’minlaydi.

Diniy tashkilotlar bu ishda faol. Lekin hozirgi paytda donorlik-xayriya ishlari ham sust, deydi faollar.

“Kambag’al, kam daromadli oilalarga qaratilgan dasturlarni kesishga majburmiz, chunki mablag’ yetarli emas. Ish qidirib yurgan odamlar bizga tayanadi. Ularga yangi kasb-hunar o’rgatuvchi kurslar tashkil etganmiz. Lekin hammasi pulga borib taqaladi”, - deydi Kris Kalandrillo, Katolik xayriya jamg’armasi vakili.

Har ikki partiya muammoni mana biz yechamiz demoqda. Kaliforniya aslida demokratlar shtati, lekin aholining 20 foizi o’zini mustaqil saylovchi deb biladi. Ularning ovozi saylov natijasini hal qilishi mumkin, deydi Mark Baldasari, bu sohada izlanuvchi mutaxassis.

“Mustaqil saylovchilar kampaniyani diqqat bilan kuzatyapti. Ularni amaliy va real yechimlar qiziqtiradi. Tanqidlar esa bir dunyo, sharoit og’ir ekani hammaga ma’lum. Vaziyatni yaxshilash uchun kimda qanday taklif bor? Shundan gapiring. Konkret g’oyalar bilan chiqsangiz, ovozlar sizniki”, - deydi mutaxassis.

2008 yilda katta umidlar bilan Obamaga ovozini bergan saylovchilar oradan ikki yil o’tib kimga ovoz berarkin?

XS
SM
MD
LG