AQShda prezidentlik bahslari qachon boshlangan?

  • Amerika Ovozi

Shu oy Nyu-Yorkda demokrat Hillari Klinton va respublikachi Donald Tramp o'rtasida ilk teledebat o'tkaziladi. So'rovlarda ikki nomzod o'rtasidagi farq kamayib bormoqda. Bahslar nomzodlarning Oq uyga kelish imkoniyatini oshirish yoki kamaytirishda muhim ahamiyatga ega.

Dastlabki prezidentlik bahsi 1960-yil respublikachi vitse-prezident Richard Nikson va demokrat senator Jon Kennedi o'rtasida bo'lib o'tgan.

"Bu o'lkaga mos yetakchilikni va taraqqiyotni berishimiz kerak", - degan edi o'shanda Jon Kennedi.

Kennedining debatga yaxshi tayyorgarlik ko'rgani tajribali Niksonni yengib, saylovda kichik ustunlik bilan g'alaba qozonishiga sabab bo'ldi.

Prezidentlik bahsining ahamiyati katta, deydi tahlilchi Jeremi Meyer.

"Oyoqda yaxshi turib, o'zingizdan mashhurroq odamga qarshi teng chiqa olishni istasangiz, bahslar shu imkoniyatni beradi", - deydi u.

1976-yilgi bahsda Prezident Jerald Ford Sovet Ittifoqining Sharqiy Yevropaga ta'siri masalasida raqibi demokrat Jimmi Karterga imkoniyatni boy berib qo'ydi.

"Sharqiy Yevropada sovetlar hukmron emas", - degan edi u.

Karter bu gap uchun Fordni keskin hujumga tutdi va shu hodisa Fordning saylovni boy berishiga sabab bo'ldi, deydi Jorjtaun universiteti tadqiqotchisi Stiven Veyn.

"Nomzodlar imkoniyati teng bo'lgan holatlarda prezidentlik bahslari saylov uchun muhim. Odamlarning aksariyati bahslarda o'z nomzodini kuzatadi", - deydi Veyn.

To'rt yil keyingi saylovda Karterning o'zi respublikachi raqibi Ronald Reyganga bahsda yutqazib qo'ydi.

Reyganning so'nggi gapi bahslar uchun standard savolga aylandi.

"Qaror qilishda o'zingizdan shu savolni so'rang: Hozir to'rt yil oldingiga qaraganda hayotim yaxshiroqmi?" - deb aytgan edi Reygan.

So'nggi yillarda nomzodlar bahslarda jiddiy xatoga yo'l qo'ymaslikka urinmoqda, deydi Jeremi Meyer.

"Bahslarning ta'sir kuchi kamayib borayotgandek. Odamlar ularni ilgarigidek tomosha qilmayapti. Lekin odamlar ko'rmasa ham, biror xatoga yo'l qo'ysangiz, shu joyini hamma "YouTube"da yoki "Facebook"da ko'radi", - deydi u.

Tahlilchilar fikricha, Klinton-Tramp bahsi saylov jarayonining eng ko'p ko'rilgan tomoshasiga aylanadi. Undan har ikki tomonning umidlari katta.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG