Breaking News

AQSh elchisi Suriyada kurdlar bilan ko'rishganidan Anqara hamon g'azabda


Brett Makgurk oylar davomida qamalda yashagan va Amerika madadi bilan bir yil oldin “Islomiy davlat”ning hujumlarini qaytara olgan Kobani shahrida bo’ldi.
Brett Makgurk oylar davomida qamalda yashagan va Amerika madadi bilan bir yil oldin “Islomiy davlat”ning hujumlarini qaytara olgan Kobani shahrida bo’ldi.

Fevral boshida Amerika maxsus elchisi Brett Makgurk Suriyaning Turkiya bilan chegaradosh Kobani shahrida bo’lib, kurdlar bilan ko’rishgan. Bundan Anqara norozi va Vashingtonga shikoyat yo’llagan.

Makgurk 1-fevralda mintaqaga borib, Turkiya rasmiylarining va suriyalik isyonchilarning g’azabini qo’zg’adi.

Makgurk oylar davomida qamalda yashagan va Amerika madadi bilan bir yil oldin “Islomiy davlat”ning hujumlarini qaytara olgan Kobani shahrida bo’ldi. Diplomat Kurdiston demokratik ittifoqi partiyasi rahbarlari bilan ko’rishgan. Bu partiya Turkiyada terrorchi tashkilot deya man qilingan Kurdiston ishchilar partiyasining qanoti hisoblanadi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an dag’-dag’a qilib, “Amerikaga qanday qilib ishonamiz? Menmi sizning ittifoqchingiz? Yo Kobanidagi terrorchilarmi?” - dedi.

Vashingtonning Kurdiston demokratik ittifoqi partiyasini yoqlashi Amerika va Turkiya orasiga sovuqchilik tushirdi. Buning ustiga, Vashington Suriyada Bashar al-Assadni hukumatdan ag’darishdan ham ko’ra “Islomiy davlat”ni yer tishlatish ustuvor masala degani Anqaraga yoqmayapti.

Oq uyning ishonchi komilki, kurdlar partiyasining jangchilari “Islomiy davlat” to’dasiga qarshi eng samarali kurash olib borayapti. Lekin Anqaraning xavotiriga ko’ra, suriyalik kurdlar aslida Turkiya bilan chegaradosh hududlarni egallab, mustaqil davlat yaratmoqchi.

Davlat departamentining bildirishicha, Makgurkning safaridan maqsad Amerika boshliq koalitsiyaning qonxo’r “Islomiy davlat” guruhiga qarshi kurashini sarhisob qilish edi. Lekin bu izoh na Anqarani, na suriyalik isyonchilarni qoniqtirdi.

Halab shimolida, bu orada, G’arb yoqlagan suriyalik isyonchilar va kurd jangchilari o’q almashayapti. Suriyalik isyonchilar va Turkiya rasmiylari gumonicha, kurd tomoni Makgurk bilan muloqot paytida Suriya shimolidagi yerlarni bosib olish rejasini muhokama qilgan bo’lishi mumkin.

Agar AQSh diplomatining safari o’sha paytda shuncha ziddiyatga sabab bo’lgan bo’lsa, oradan bir necha kun o’tib, Assad hukumati Rossiya yordamida Halab yaqinida hujumga zo’r berganidan buyon janjal yanada kuchaygan.

Suriyalik isyonchilar kurdlarni Assad armiyasi bilan til biriktirganlikda va bir necha shaharni va harbiy bazasni ulardan tortib olganlikda ayblab chiqdi. Kurd jangchilari ayblovni inkor etyapti.

“Daily Sabah” gazetasi muxbiri Qilich Bug’ra Qanot nazarida Makgurkning safari AQShning Suriyadagi siyosati yuzasidan savollar uyg’otgani tabiiy. Ijtimoiy tarmoqlarda suriyalik isyonchilar tarafdorlari, turk millatchilari va Turkiya rasmiylari ayni mazmunda fikrlar qoldirgan. Makgurkning Kobaniga safaridan bir necha kun o’tib kurd jangchilari suriyalik isyonchilarga hujumlarni oshirganiga nima deysiz, deya so’raydi ular.

Yevropa diplomati “Amerika Ovozi” bilan suhbatda AQSh bu hujumlardan xabari bo’lganini tasdiqlovchi dalillar yo’q, deya javob qiladi.

O’tgan hafta Turkiya Suriya shimolidagi olishuvlarga qo’shilib, kurdlarning manzillariga o’q yog’dirdi. 17-fevral kuni esa Anqarada mashina portlab 28 odamning o’lganida Turkiya kurd jangchilarini aybladi va Suriyada kurdlarga qarshi piyoda amaliyot boshlashini aytib po’pisa qildi.

Qo’shma Shtatlar ham Turkiya, ham kurd jangchilarini bosiqlikka undar ekan, bu ham Anqaraga yoqmadi. Vashington Turkiya hukumatini kurd partiyasi bilan bir pallaga qo’ygani Anqaraning izzat-nafsiga tegdi.

Turkiya Suriya shimoliga o’q yog’dirayotgani esa Vashingtonni xunob qilmoqda. Amerika xavotiri shuki, Moskva bu hujumlarni bahona qilib, Suriya shimolidagi havo amaliyotlarini kuchaytiradi va Myunxenda Suriyaga doir erishilgan kelishuvni chippakka chiqaradi.

O’tgan juma Prezident Obama telefonda Prezident Erdog’an bilan bir yarim soat gaplashib, Turkiya o’zini mudofaa qilishga haqli ekanini tan olgan. Kurd jangchilari fursatdan foydalanib mintaqada hududlarni o’zlashtirib olishiga ham yo’l qo’yib bo’lmaydi, dedi Obama.

Erdog’an Makgurkning 1-fevralda Kobaniga qilgan safarini tilga olgan.

Britaniyada chop etiladigan “Economist” nashrining Turkiyadagi muxbiri Amberin Zaman izohicha, Makgurk mintaqaga bekorga bormadi. Amerika suriyalik kurdlar ruslarning tarafiga o’tib olmoqda, degan xabarlardan tashvishda.

“Kurdlar ham ruslarni, ham amerikaliklarni bir-biriga qarshi qayrab, o’zlariga foyda undirib olayapti”, - deya yozadi u.

Vashingtondagi tahlil institutidan ekspert Deyvid Gartenstin-Ross so’zlariga ko’ra, Suriya shimolida Amerika yoqlovini olgan guruhlar o’zaro olishar ekan, odamlar bundan ma’no qidirib, yashirin, maxfiy bir ig’vo deya sharhlashiga hayron qolmasa ham bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG