Ekspertlar: G’arb Markaziy Osiyoda uzoq muddatni ko'zlasin


AQShning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosati Afg’oniston bilan bog’liq. Nafaqat mintaqada balki G’arbda ham bu tez-tez quloqqa chalinadigan xulosa. Yevropa Ittifoqi uchun ham mintaqa asosan Afg’oniston bois ahamiyatli. Bu esa uzoqni ko’zlaydigan siyosat emas, deydi fuqarolik jamiyati va inson huquqlari kabi qadriyatlarni eslatayotgan ekspertlar.


Ochiq jamiyat jamg’armasi (Open Society Foundation) eksperti Jeff Goldstayn (Jeff Goldstein) so’zlariga ko’ra, Amerika va Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoga nisbatan yondashuvida xavfsizlik va Afg’onistondagi harbiy harakatlar quvvatlovi ustuvor masala. Mintaqaning kelgusidagi rivoji uchun muhim talablar unutib qo’yilmoqda, deya norozi u.

Mutaxassis Jorj Vashington Universitetida bu borada so’zladi.

“Demokratiya, inson huquqlari, qonun ustuvorligi, avtokrat rahbarlardan keyingi avlod taqdiri, korrupsiya… Inson kapitali kamayib borayotgani va infratuzilma eskirgani bilan kimning ishi bor hozir? Katta yo’llar qurilayotganini eshitib xursand bo’lamiz, biroq Qozog’istonni hisobga olmaganda, mintaqada infratuzilma chirib borayapti. Ommaviy migratsiya oqibatida kadrlar regionni tark etayapti. Shunday ekan, maqtalgan yangi maktablar, kasalxonalarda ishlaydigan mutaxassislarning o’zi qolmayapti-ku”, - deydi Goldstayn.

“Yevropa Ittifoqi va AQSh mintaqada real ektremistik tahdid yo’q deb turibdi… Vaholanki, oxirgi yillarda Markaziy Osiyoga yordamining katta qismi aynan xavfsizlikka qaratildi”, - deydi u.

G’arb mintaqada chegara xavfsizligi, narkotiklarga qarshi kurash, kontr-terrorizm, harbiy treninglar bo’yicha madad berib keladi.

“Region bilan samarali ishlash uchun yondashuvni o’zgartirish kerak”,- deydi Ochiq jamiyat jamg’armasi vakili.

Boshqa bir xavotir shuki, afg’on urushidan keyin Vashington va Bryussel Markaziy Osiyoga qaramay qo’yishi mumkin.

2001-2002-yillarda terror xurujlaridan keyin AQShning mintaqaga yordami 30 foizga oshgan. Keyin madad ko’lami tezda kamayib ketib, 2008-yilda Shimoliy Ta’minot Tizimiga ehtiyoj tug’ilgani bois yana oshirildi. Qo’shinlar chiqqach unga hojat qolmagach, qiziqish ham, ko’mak ham keskin kamayishi hech gapmas.

Goldsteyn fikricha, bu katta xato bo’ladi. G’arb Afg’oniston kelajagiga befarq bo’lmasa, bu yurt farovonligi Markaziy Osiyoga bevosita bog’liq ekanini tushunishi kerak.

Yevropa Ittifoqi (Europe-Central Asia Monitoring Program) siyosati bo’yicha tahlilchi Yos Bunstra (Jos Boonstra) so’zlariga ko’ra, o’rtadagi katta farq shundaki, Amerika regionga Afg’oniston va Osiyo nuqtai nazaridan qaraydi, Yevropa Ittifoqi uchun esa bu region bevosita qo’shnilarning qo’shnisi.

Markaziy Osiyoda oxirgi besh yilda erishilgan yutuqlar sanoqli, deydi u.

“Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston, O’zbekistonda ittifoqning idorasi ochildi. Yaqinda Turkmanistonda ham elchixona ishga tushishi kutilayapti. Qozog’iston va Yevropa o’rtasidagi savdo rishtalari kuchaydi”, - deydi Bunstra.

Holbuki, 2007-yilda ittifoq Markaziy Osiyoga doir yangi strategiya bilan chiqqan va unda xavfsizlik, demokratiya, huquq, energetika va ta’lim sohalari tilga olingan edi.

“Demokratik qadriyatlar, inson huquqlari, qonun ustuvorligi ham strategiyaning muhim bandlari edi. Lekin regionda bugun huquqiy ahvol og’ir, demokratiyani gapirmasa ham bo’ladi. Yevropa mintaqaviy integratsiyaga undamoqda, lekin davlatlar orasida intilish sust”, - deydi Yos Bunstra.

Yos Bunstraning aytishicha, oxirgi yetti yilda regionga 900 million dollar sarflangan, bu Sharqiy Yevropa yoki Yaqin Sharqqa berilayotgan yordam bilan qiyoslaganda nihoyatda kam. Ya’ni region u qadar ahamiyatli emas - har bir davlatga yiliga o’rtacha 30 million dollar ajratadi. Buning ustiga ko’mak ustidan puxta nazorat yo’q.

“Yevropa Ittifoqi fuqaro jamiyatini qo’llash uchun qo’ldan kelganicha harakat qilmoqda, lekin muammo shundaki, regionda faol jamiyatning, fuqarolar tuzgan tashkilotlarning o’zi yo’q hisob. Bundan tashqari, Yevropadan moliyaviy yordam olishning o’zi azob, jarayon juda byurokratik. G’arbdagi tashkilotlarning o’zi qog’ozlarni to’ldirishga qiynaladi-ku axir?”- deydi u.

Janob Bunstra nazarida Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining roli bugun juda past.

“Bu organ Tojikistondan tashqari biror mamlakatda sezilarli ish qilmayapti. Bu tuzilma uchun eng ko’p moliya ajratayotgan davlatlar AQSh va Yevropa Ittifoqi ekan, kelishib ishlash kerak. Muhimi shuki, barcha davlatlar bu tuzilmaga kirgan, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya. Lekin salbiy tomoni ham shunda, Markaziy Osiyo va Rossiya deyarli barcha tashabbuslarni to’sish huquqiga ega”, - deydi u.

Vashington va Bryussel mintaqa xalqiga murojaatini ham puxta o’ylab olishi lozim, deydi ekspertlar. Ularning iddaosi shuki, hozirda AQSh va Yevropa Ittifoqi faqat region rahbariyati bilan gaplashib, aholi xohishlari haqida lom-mim demayapti.

Jorj Vashington Universitetida AQSh va Yevropaning regionga doir siyosati bo'yicha o'tgan muhokama (ingliz tilida):



AQSh diplomati Linn Treysi (Lynne Tracy) Vashingtonning Markaziy Osiyodagi siyosati haqida (ingliz tilida):



Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo'yicha maxsus vakili Patrisiya Flor (Patricia Flor) G'arbning region bo'yicha siyosati haqida (ingliz tilida):

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG