AQSh Yevropa bilan erkin savdo bitimi tuzmoqchi

  • Amerika Ovozi

Xalqqa murojaatida AQSh prezidenti Barak Obama Yevropa bilan erkin savdo hududini yaratish tashabbusini olg’a surdi. Taklif Yevropa Ittifoqi yetakchlari tomonidan iliq kutib olindi. Ammo uning ijrosi uchun ko’p yillar kerak bo’ladi.

Qit’alararo erkin savdo loyihasi AQSh davlat rahbarining bir soatlik nutqida faqat 15 soniya tilga olindi. Ammo amalga oshsa, AQShning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarida yangi sahifa ochishi muqarrar.

“Bugun men savdo hamda sarmoya bo’yicha hamkorlik masalasida Yevropa Ittifoqi bilan muzokara boshlamoqchi ekanimiz haqida ma’lum qilmoqchiman. Bu erkin va adolatli savdo bo’lib, millionlab amerikaliklarga yaxshi maosh to’lanadigan ish o’rinlarini yaratadi”, - dedi Obama.

Yevropa Ittifoqi va AQSh iyun oyida rasman muzokaralarni boshlaydi.

Yevropa Komissiyasi prezidenti Jose Manuel Barrozo Obama taklifini olqishlab, u okeanning har ikki tarafida o’n minglab yangi ish o’rinlari yaratishini ta’kidladi.

“Dunyoning ikkita eng kuchli iqtisodiyoti o’rtasidagi bunday bitim katta voqea bo’ladi. Birgalikda jahonning eng yirik erkin savdo hududini yaratamiz”, - dedi u.

Yevropa Ittifoqining savdo bo’yicha muzokarachisi Karel de Guxtning aytishicha, bitim keyingi ikki yilda imzolanishi kutilmoqda. Avvalo, bojxona tariflarini kamaytirish haqida kelishuvga erishish lozim. So’ng mahsulotlarga qo’yiladigan xavfsizlik va sifat standartlarini bir xillashtirish ustida ishlanadi, dedi u.

“Agar biz AQSh bilan umumiy sifat talablarini ishlab chiqsak, ularning jahon standartlariga aylanish ehtimoli juda katta. Bu bizning ishlab chiqaruvchilarimiz uchun juda ahamiyatli”, - dedi Yevropa Kengashi rasmiysi.

Yevropa bilan savdo loyihasi ayrim kongressmenlar va biznes jamiyati tomonidan iliq kutib olindi. Germaniyadagi Amerika Savdo palatasi vakili Fred Irvinning aytishicha, Yevropa rasmiylari bunday bitim tuzishni 30 yildan beri orzu qiladi.

“AQSh va Yevropa o’rtasidagi savdo munosabatlari juda iliq hozir. Obamaning xalqqa murojaatida tilga olingan erkin savdo zonasi ikki mintaqa o’rtasida boj to’lovlarini yo’qotib, xarajatlarni kamaytiradi. Natijada o’rtada savdo yanada rivojlanadi”, - dedi u.

Ammo AQShda loyihaga shubha bilan qarayotganlar ham bor. Yevropa Ittifoqi bilan tuziladigan har qanday bitim AQSh dehqonlariga Yevropa bozoriga erkin chiqish ikonini berishi kerak, deydi ular. Shuningdek, Amerikadagi sifat standartlari va mualliflik huquqlari to’la saqlanib qolishi kerak.

Yevropa dehqonlari azaldan mahalliy bozorni o’z nazoratida saqlashga urinadi. Genetik kodi o’zgartirilgan mahsulotni olib kirish hamda atrof-muhit xavfsizligi uchun qo’yilgan talablarni muvofiqlash masalasida ham kelishib olish lozim.

Muzokaralar iyun oyida boshlangani bilan, yakuniy bitimga erishguncha bir necha yil o’tishi mumkin. Masalan, Janubiy Koreya bilan erkin savdo shartnomasini imzolashga olti yil, Kanada va Meksika bilan shunday bitim tuzishga esa, to’rt yil vaqt ketgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG