AQSh Yevropadagi qochqinlar uchun qo'shimcha pul ajratmoqda

  • Amerika Ovozi

Qo'shma Shtatlar Yevropada migrant muammosi bilan shug'ullanish uchun yordam tariqasida qo'shimcha 20 million dollar ajratmoqda. Davlat departamentiga ko'ra, pul BMT, Xalqaro Qizil Xoch federatsiyasi hamda Qizil Yarim oy jamiyatlariga muhofaza, boshpana va boshqa turdagi yordam uchun beriladi.

O'tgan yili Yevropaga qochqinlar ko'p sonda kela boshlaganidan beri AQSh gumanitar dasturlar uchun 44 million dollar ajratdi. Shundan 17,5 millioni BMTning Qochqinlar bo'yicha oliy komissariati ehtiyojlari uchun sarflanadi. Komissariat hozir Yevropada qochqinlar va migrantlar bilan maxsus rejaga ko'ra shug'ullanmoqda.

Pulning bir qismi yangi kelgan migrantlarni joylashtirish, maslahat xizmatlarini ko'paytirish, migrantlarni qonuniy yo'l bilan Yevropaga kirishga undash uchun hukumatlar va qochqinlar o'rtasida aloqani yo'lga qo'yishga sarflanadi.

Janubi-sharqiy Yevropada migrant ayollar va bolalarga favqulodda ko'mak uchun, ularga qarshi zo'ravonliklarning oldini olish va zulmdan so'ng yordam berish uchun 2,5 million dollar ajratiladi.

Bir hafta oldin Yevropa Ittifoqi va Turkiya rahbarlari Gretsiyaga Suriya va boshqa mamlakatlardan noqonuniy kirgan qochqinlar masalasida hamkorlik qilishga kelishib oldi. 28-mart kuni kuchga kirgan kelishuvga ko'ra, bundan keyin Gretsiyaga noqonuniy kirgan muhojirlar ro'yxatga olinib, qochqinlik uchun arizasi qabul qilingach, Turkiyaga jo'natiladi. Buning evaziga Turkiyada qochqin maqomini olgan minglab suriyaliklar Yevropa Ittifoqiga a'zo 28 mamlakat bo'ylab joylashtiriladi.

Bundan tashqari, salkam uch million suriyalik qochqinni o'z bag'riga olgan Anqaraga migrantlar bilan bog'liq xarajatlarni qoplashda yordam sifatida 6,7 milliard dollar beriladi.

Turkiya va Yevropa Ittifoqi rahbarlari qit'a Ikkinchi jahon urushidan beri ilk bor yuzlashayotgan eng katta qochqin inqirozini yumshatishga qaratilgan kelishuvni olqishlar ekan, tanqidchilar nazarida siyosatchilar migrantlardan o'z manfaatlari uchun foydalanmoqda.

Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi Xalqaro Amnistiya tashkiloti Turkiyani qochqinlar uchun xavfli joy deb atadi. Unga ko'ra, migrantlarni ortga qaytarish noqonuniy va ma'naviyatsiz tashabbus. Belgiya Bosh vaziri Sharl Mishel Turkiyani migrantlar bahonasida Yevropa Ittifoqidan pul undirayotganlikda aybladi.

BMTning Qochqinlar bo'yicha oliy komissariati ham bitim bo'yicha xavotir bildirdi. Unga ko'ra, hujjatda qochqinlik maqomini olishni istovchilar huquqlarini himoya qilish ko'zda tutilmagan. Agentlik Gretsiya hukumatiga migrantlarni qabul qilishda, ularga yordam berishda va ro'yxatga olishda ko'maklashayotgan edi, ammo o'tgan hafta bu amaliyotini to'xtatishini bildirdi.

Boshqarma so'zlovchisi Melissa Flemingning aytishicha, avval muhojirlarni himoya qilish mexanizmini yo'lga qo'yish kerak.

Shu kungacha 1,2 million migrant, asosan, Gretsiya va Italiya orqali Yevropaga bordi. Minglab odamlar yo'lda, O'rta dengizda nobud bo'ldi.

Qo'shma Shtatlar 2011-yilda Suriyada mojaro boshlanganidan beri 2200 suriyalikni qabul qildi. Obama ma'muriyati yana kamida 10 ming odam qabul qilinishi haqida bildirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG