Ittifoqchilar Vashingtonga: Nega bizni poylab yuribsiz?

  • Amerika Ovozi

Amerikada davlat sirlarini fosh etib, Rossiyaga qochgan kompyuterchi Edvard Snouden qo’lida minglab hujjatlar borki, ularda xorijiy razvedka xizmatlari bilan olib borilgan maxfiy hamkorlik haqida batafsil ma’lumotlar o’z aksini topgan.

Ular bir kun kelib ommaga oshkor bo’lishi mumkin. Obama ma’muriyati xorijiy hukumatlarni ana shu haqda ogohlantirmoqda, deb yozadi “Vashington Post” gazetasi.

Ayrim dasturlar, xususan, Eron, Rossiya va Xitoyga qarshi qaratilgan. Dunyo poytaxtlarini ogoh qilish jarayoni ham nozik masala, chunki ayrim hollarda AQSh bilan pinhona hamkorlik haqida hukumatdagi tor doiralar biladi xolos, deyiladi maqolada.

AQSh razvedkasi chet davlatlar rahbarlari, jumladan Germaniya kansleri Angela Merkelning telefon qo’ng’iroqlarini kuzatgani va tinglagani haqida xabarlar katta shov-shuvga sabab bo’layapti.

Bu operatsiya AQShning Berlindagi elchixonasidan amalga oshirilgani taxmin qilinadi. Elchixona qoshida Markaziy razvedka va Milliy xavfsizlik agentliklarining qo’shma idorasi bor. AQSh o’z ittifoqchilari ketiga tushgani keskin tanqid ostida.

Angela Merkel prezident Barak Obama bilan telefon suhbatda bu haqda shikoyat qilgan.

“Ittifoqchilar va hamkorlar o’rtasida ishonch bo’lishi shart. Endi bu ishonchni qayta tiklash kerak”, - dedi u Yevropa Ittifoqining Bryusselda o’tayotgan majlisida.

Yevropa komissiyasi rahbari Joze Manuel Barroso AQShning josuslik operatsiyalarini “totalitar tizim” tomon chekinish deya ta’riflaydi. Germaniya Tashqi ishlar vazirligi AQSh elchisini chaqirtirib, norozilik bildirgan. Fransiya ham tushuntirish talab qilmoqda.

Germaniya razvedkasi rahbarlari va Yevropa qonunchilari masalani AQSh rasmiylari bilan yuzma-yuz muhokama qilish uchun yaqin orada Vashingtonga safar qiladi.

Maxfiy hujjatlarni fosh etgan AQSh fuqarosi, kompyuterchi Edvard Snoudenga Rossiya siyosiy boshpana bergan. Vatanida u josuslikda ayblanmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG