AQSh va Yevropa erkin savdo makoni haqida muzokara boshladi

  • Amerika Ovozi

AQSh va Yevropa erkin savdo makoni haqida muzokaralarni boshladi.
Ammo so’zlashuvlarning ilk bosqichiga Vashingtonning Yevropa hamkorlarini zimdan kuzatgani haqdagi xabarlar soya soldi.


Dushanba kuni Vashingtonda boshlangan muzokaralar butun hafta davom etadi.

AQSh va 28 mamlakat a’zo Yevropa Ittifoqi dunyoning eng yirik ikki iqtisodi sanaladi. Ammo taraflar tarif va savdodagi boshqa to’siqlar xususida hamon bahslashmoqda. Bunday kelishmovchiliklar muzokalarning cho’zilishiga olib kelishi mumkin, deydi tahlilchilar. Kelishuvga 2014-yil oxirida erishilishi mumkin.

So’zlashuvlarning boshlanayotgani o’tgan oyda e’lon qilingan edi. Ammo AQSh razvedka agentligi kompyuterchisi Edvard Snouden tarqatgan ma’lumot tufayli ular bekor qilinay dedi. Snouden AQSh Milliy xavfsizlik xizmati xorijiy davlatlar, shu jumladan Yevropa agentliklari va hukumatlarini zimdan kuzatgani haqida ma’lumotni matbuotga oshkor qilgan edi.

Bundan ranjigan Yevropa rasmiylari Vashingtondan tushuntirish so’radi. Prezident Barak Obama “faqat bizning xavfsizlik xizmatigina emas, balki dunyoning har bir davlati xavfsizlik xizmati dunyoni yaxshiroq tushunish maqsadida boshqa davlatlarni kuzatib boradi”, deb aytdi.

Savdo muzokaralari bilan bir vaqtda AQShning ma’lumot to’plash uslublari atrofida ham so’zlashuvlar olib borilmoqda, ammo ular doirasida Milliy xavfsizlik xizmatining hamkorlarini kuzatishi uzliblari muhokama qilinmaydi.

Savdo muzokaralari davomida turli mahsulot va sanoatlar muhokama qilinadi. Yevropa AQSh hukumati Amerika kontraktorlari va kompaniyalariga imtiyozlar berishni to’ztatishi kerak, degan fikrda. AQSh esa Yevropa biotexnologiya mahsulotlari, shu jumladan genetikasi o’zgartirilgan oziq-ovqat mahsulotlari uchun o’z bozorlarini ochishi tarafdori, vaholanki Yevropada bunday mahsulotlar inson salomatligi uchun zarar hisoblanadi va taqiqlangan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG