Xitoy Avstraliya siyosatiga aralashayaptimi?

  • Amerika Ovozi

Pekin

Pekin

Xitoy Avstraliyada ko'zga ko'ringan siyosatchilarning cho'ntagiga pul tashlab, siyosiy muhitga ta'sir qilmoqda. Vaziyatni yaqindan kuzatib turgan AQSh shunday xulosa qilmoqda.

Pekin bir necha arbobning parlamentga yoki boshqa siyosiy o'rinlarga saylanishi uchun mablag' ajratib, ularni quvvatlayotgani ochiq haqiqat, deydi diplomatlar.

Avstraliya - demokratik tuzum va jamiyat. Bu davlat hamisha mustaqil siyosat yuritib kelgan, biroq endilikda demokratiyadan yiroq bo'lgan Xitoy ta'siri ostida, deydi AQShning Kanberradagi elchisi Jon Berri.

"Gap bu yerda demokratik qadriyatlarda va Pekin ularni buzishga urinmoqda",- deydi Berri.

Leyboristlar partiyasi lideri Sem Dastyari yaqinda ishdan ketdi. Chunki uning sayohatlari uchun pul Xitoy hukumatidan kelgan.

Avstraliyalik siyosatshunos Piter Jennings tahlilicha, so'nggi yillarda tashqi siyosat ham, ichki siyosat ham Xitoy ta'siri ostida ekani aniq. Amaldagi rahbarlar Pekindan minnatdor ekanini tez-tez aytib keladi. Nima uchun? Xitoy ular bilan hamkor. Ularning dasturlarini quvvatlaydi va loyihalarni o'z manfaati uchun moslashtirishga urinadi.

Yana bir omil: xitoyliklar Avstraliyada katta jamoa. Ovoz berish huquqiga ega muhojirlar, diaspora, Pekin bilan yaqindan aloqada, deydi Jennings. Janubiy Xitoy dengizi bilan bog'liq mashmasha bo'ladimi, savdo yoki tijorat, yetakchi muhojirlar Xitoyni yoqlab chiqmoqda.

Avstraliyada biror siyosiy guruh Xitydan pul yoki yordam olmasin va bunday ishlar man etilsin degan talab kuchli. Lekin ko'plab arboblar, jumladan mamlakat sobiq bosh vaziri Jon Xovard bunga qarshi.

"Erkim jamiyat, demokratiya ortiqcha cheklovlarni xohlamaydi. Qonun buzilsa, javob berish kerak, tamom",- deydi Xovard.

2010-yilda chet eldan siyosiy maqsadlar yo'lida moliya olishni cheklash muhokama qilingan va bu boradagi qonun loyihasi parlament tomonidan rad etilgan.

Xitoy Avstraliyaning eng yirik savdo hamkori. Boshqa jihatlardan esa AQSh uning eng yaqin sherigi. Muvozanatni ta'minlash hozirda yanada qiyinlashgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG