Daladan to'g'ri maktab dasturxoniga

  • Amerika Ovozi

Bolalar sog’lom bo’lishi uchun yaxshi ovqatlanishi kerak. Oilaviy fermerlik xo’jaliklari esa barqaror daromad manbalariga muhtoj. AQShda, dunyoning ko’pgina boshqa mamlakatlari kabi, fermerlar va maktablarni bir-biri bilan bog’lovchi dasturlar amalga oshirilmoqda.

Merilend shtatidagi Rut Ann Monro boshlang’ich maktabida tushlik vaqti. Bolalar navbatini kutyapti. Ovqat mahalliy fermerlar yetishtirgan mahsulotdan tayyorlangan. Jeffri Prul daha maktablari oshxonalari uchun mas’ul:

“Mahalliy fermerlar yetishtirgan olmalar ham bor. Bugun mana bulardan tanlash mumkin. Smitsburg shaharchasidagi Raynhart bog’laridan yetkazilgan”.

Maktab o’quvchilariga beriladigan olmalarning 85 foizi Vashingtondan 20 kilometr narida joylashgan Raynhart bog’laridan keltrilgan.

Raynhart va Prul AQShda obro’ qozonayotgan “Fermalardan maktablarga” dasturi ishtirokchilari.

Maktablar kuniga 30 million bola qornini to’ydirishi kerak. Ulardan qariyb 20 million nafari kambag’al oilalardan. Och qolmasligi uchun bu bolalarga davlat byudjetidan mablag’ ajratiladi.

Afsuski, aksariyat maktablarda issiq ovqat berilmaydi, deydi Jeffri Prul:

“Ko’p joylarda muzlatilgan ovqat isitib beriladi, xolos. Qutilardan olinadi-da gazda isitiladi. Biroq o’tmishda maktablarda har kuni issiq ovqat pishirilgan. Biz shu an’analarni qayta tiklayapmiz,” - deydi u.

Oldindan tayyornaib, muzlatilgan va so’ngra isitilgan ovqatni yeyish oqibatida amerikalik bolalar orasida semizlar ko’paymoqda.

Hukumat joriy etgan yangi talablarga ko’ra, o’quvchilarga beriladigan ovqat salomatlik uchun foydali bo’lishi shart. Prul deydiki, yangi mahsulotdan tayyorlangan ovqatda tuz va yog’ miqdori kamroq:

“Zararli moddalar miqdorini kamaytirish uchun ovqatni o’zimiz pishirishimiz kerak. Demak, mahsulotni ham o’zimiz sotib olmasak bo’lmaydi”.

Mahsulotni mahalliy fermerlardan sotib olish hudud iqtisodi uchun yaxshi, deydi fermer Raynhart.

“Buning natijasida biz yangi uskuna sotib olishimiz mumkin. Uskunani ham mahalliy kompaniyalardan olamiz. Demak, pul o’zimizdan tashqariga chiqmaydi. Hamma uchun foyda”.

Haqiqatan ham bunday iqtisod oqibatida mahalliy kompaniyalar foyda ko’radi. Shu sababli 1997-yilda oltita shtatda amal qilgan “Fermerlardan maktablarga” dasturi bugun 50 shtatda qabul qilingan.

Ammo AQSh bu borada yetakchi davlat emas, deydi Jahon oziq-ovqat tashkiloti rasmiysi Karmen Burbano:

“Birinchilik Braziiyaga tegishli”.

Prezident Lula da Silva tashabbusi bilan Braziliyada amalga oshirilayotgan “Ochlikka yo’q!” nomli qashshoqlikka qarshi dastur xalqaro sahnada olqishlarga sazovor bo’ldi.

“Dasturning asosiy qismi maktab bolalari qornini to’ydirish. Davlat byudjeti uchun katta xarajat, ammo oilalar va fermerlar o’rtasida ko’prik hamdir,” - deydi Burbano.

Dastur sharti - o’quvchilarga beriladigan ovqatning kamida 30 foizini mahalliy fermerlar yetkazishi lozim. Loyiha shu qadar muvaffaqiyatli bo’ldiki, Afrika mamlakatlarida o’xshash tashabbuslar olg’a surilayapti.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG