Agroturizm Amerika dehqonlari uchun qo'shimcha daromad manbai

  • Amerika Ovozi

AQShda kuzda shahar ahli olma terishga boradi, makkajo’xori dalalarida sayr qiladi. Agroturizm deyishadi buni. Jiddiy biznes. Fermerlar uchun qo’shimcha daromad manbai.

Bolalar makkajo'xori dalasida maza qilishayapti.

O’yinlar, mashg’ulotlar...

Merilend shtatidagi Monpelyer fermer xo’jaligiga ekskursiyaga kelishgan.

"Bunday sayllarga tez-tez chiqib turamiz, bolalar daladagi hayot qandayligini o'rgansin," - deydi o'quvchilarini olib kelgan maktab o'qituvchisi Debbi Pirson.

"Yiliga bir marta kelamiz bu yerga. Juda zo'r. Bolalarga yoqadi. Qovoq tanlash ularning eng yaxshi ko'rgan o'yini,” - deydi fermaga kelgan yana bir mehmon.

Mayk Dann 2008-yildan beri agroturizm bilan shug’ullanadi. Makkajo'xori, qovoq, pichan… Bolalar va kattalar uchun birdek qiziq manzara. Ammo mehmonlar ko'paygach fermada o'zgartirishlar kiritish kerak bo’ldi.

"Fermadan olinadigan umumiy daromadning 30 foizi agroturizmdan keladi. Ammo asta-sekin o'sib 60 foizga yetishi mumkin," - deydi Dunn.

2012-yilda agroturizm xizmatlarini taklif qilgan fermalar 700 million dollar daromad olgan. Bundan besh yil oldingidan 24 foiz ko'proq.

Merilend shtati rasmiysi Baddi Xans deydiki, agroturizm qishloq xo'jaligi sohasida daromadning kichik qismini tashkil etsa-da, mahalliy iqtisodning o'sishiga hissa qo'shmoqda.

"Xo’jaliklar bunday xizmatlardan yaxshigina daromad olmoqda. Mahalliy byudjet uchun ham, shtat uchun ham, va albatta fermerlar uchun ham foydali faoliyat bu," - deydi Xans.

Virjiniya shtatining birgina Lauden tumanidagi 40 uzumzorda ishlab chiqariladigan vino turlarini tatib ko'rish va sotib olish mumkin. Zefaniya fermasi egasi Bill Xatch biznesdan mamnun.

"Har yili fermamizga keladigan sharbatxo'rlar soni ikki baravar ko'paymoqda. Dam olish kunlari qariyb 250 odamni mehmon qilamiz,” - deydi u.

Agroturizmga qo’shimcha daromad manbai sifatida qarayotgan fermerlar ko’p. Vezerli fermasi va vinoxonasida to’ylar uyushtirish mumkin. Ferma sohibi Malkolm Bolduin biznesning bunday turini olti yil avval boshlagan. Daromad yomon emas, deydi u.

“Albatta, bu yerda hayvonlar bo’lmaganida, uzumzor va vino taklif etilmaganida, to’ylar o’tkazishga keladigan odamlar ham bo’lmasdi. Chunki mehmonlar hayvonlarni, qishloq hayotini ko’rgisi keladi,” - tushuntiradi u.

Dala va qishloqlarga qiziqish ortar ekan, agroturizm ham gullab-yashnayveradi, deydi mutaxassislar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG