AQSh fermerlari Kuba bilan aloqalar tiklanganidan xursand

  • Amerika Ovozi

AQSh va Kanada o’z elchixonalarini ochib, yarim asrdan beri to’xtab qolgan diplomatik aloqalarni qayta tikladi. Bundan oddiy xalq, jumladan, biznes ahli ham xursand. Ular tez orada iqtisodiy jazo choralari ham ko’tarilishidan umidvor.

Illinois shtatining makkajo’xori va soya dalalari Kubadan ancha uzoq, ammo dehqon Vendel Shaumen diplomatik aloqalarning tiklanganidan mamnun.

U yaqin orada iqtisodiy embargo ham ko’ratiladi, degan umidda.

“Bu qishloq xo’jaligi uchun yaxshi. Bizga yaqin bozor bo’ladi. Transport xarajatlari kam. Ularga kerakli mahsulotlar bizda bor”, - deydi u.

Fermerning aytishicha, Kubaga shu mahsulotlarni yetkazishni istayotgan boshqa davlatlar ham bor. Vaqtdan yutishimiz kerak, deydi u.

“Ayniqsa, Janubiy Amerikadan, shuningdek, Ukraina va ba’zan Hindistondan raqobat bor. Bozorni egallash uchun kurash katta, bizga yaqin bo’lgani uchun uni biz olishimiz kerak”, - deydi u.

Shaumenning makkajo’xori va soyalari Missisipi daryosiga borib, u yerdan Luizianadagi Nyu-Orleans portiga yetkaziladi.

“Embargo ko’tarilsa, ishimiz 10-15 foizga oshadi. Butun biznes o’sadi, deyish mumkin. Bu katta ko’rsatkich, chunki biz AQShdagi eng yaxshi besh yoki olti portdan birimiz”, - deydi port prezidenti Geri Lagreynj.

Nafaqat AQShdan eksportlar, balki Kubadan import hajmi ham oshishi kutilyapti.

“Embargodan oldin Kubaning eng katta savdo hamkori Nyu-Orleans porti edi. O’sha payt ko’plab shakar, qahva va Kubada yetishtirilgan boshqa mahsulotlar kelardi. Shu narsa qaytishini istaymiz”, - deydi Lagreynj.

Bush ma’muriyati davrida Davlat departamentida ishlagan Rojer Noriega Kubaga qo’yilgan embargoning ko’tarilishiga qarshi bo’lgan rasmiylardan.

“Bu savdodan oladigan daromadini odamlarga tazyiq o’tkazish uchun ishlatadigan rejim bilan biznes qilyapmiz. Insofli odam bunday ish qilishni xohlamaydi”, - deydi u.

Vindel Shaumen esa buni eskicha qarash deydi.

“Biz bunga bozor sifatida qaraymiz. U yerdan 50 yil oldin qochib chiqqan odamlarga rahmimiz keladi, lekin bu narsa butun dunyoda ro’y beradi. Illinoysning o’rtasida turib bu haqda biz ko’p narsa qila olmaymiz”, - deydi u.

Embargo olib tashlansa, AQShdan Kubaga eksport hajmi 2020-yilgacha uch baravar ko’payishi va minglab yangi ish o’rinlari yaratilishi kutilyapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG