Breaking News

Amerika dehqonlari hayotidan: Kichik fermerlarga oson emas


Stefani Skuderi sakkiz gektarlik xo'jalik egasi
Stefani Skuderi sakkiz gektarlik xo'jalik egasi

AQShda fermer deganda minglab gektar yer sohibi, ko’p texnika va yuzlab ishchilarga ega badavlat bir inson ko’z oldingizga keladi. Lekin hamma fermerlar ham unday emas. Kichik, oilaviy xo’jaliklar ham ko’p.

Stefani Skuderi va uning nafaqadagi ota-onasi poytaxt Vashington yaqinida sakkiz gektardan iborat kichik fermani boshqaradi. 30 yillik xo’jalik.

“Biz kabilar uchun tirikchilik qilish hozir oson emas”, deydi Stefani.

“Asosan chorvachlik bilan shug’ullanamiz. Go’sht yetishtiramiz. Qo’y, echki, tovuq go’shti va sut mahsulotlari… Yaqindan beri kurka boqishni boshladik. Sabzavot, poliz ekinlarini uncha ko’p ekmasdik, lekin ularga talab oshganidan keyin tabiiyki bunga ham qo’l urdik”.

Stefani fermada asosan bir o’zi ishlaydi. Onda-sonda turmush o’rtog’i va ota-onasi ham yordam berib turishadi.

Xaridorlarning ko’pi yon atrofdagi mahallalardan. Stefani yetishtiradigan sabzavotlar narxi katta do’konlardagi narxlar bilan bir xil.

Go’sht mahsulotlari esa bozor narxidan ikki baravar qimmat. Sababi tabiiy tarzda yetishtirilgani, deydi Stefani.

“Katta oziq-ovqat do’konlarida mahsulotlar arzon, lekin qanday yetishtirilganini bilmaysiz. Foydaning ketidan quvib, har xil kimyoviy moddalarni ishlatishga o’rganib qolishgan. Bizning fermada esa hammasi tabiiy usulda. Shuning uchun bo’lsa kerak, xaridorlarimiz borgan sari ko’payib bormoqda”.

Stefanining otasi Maykl Ror, 1980 yilda AQSh havo kuchlaridan nafaqaga chiqib, bu fermani sotib oladi. Yillar o’tib uni qiziga hadya qiladi.

Stefanining qizi Olivia hozir 7 yoshda. Oilaviy an’anani davom ettirib, Oliviya katta bolgach, ona fermani unga topshirmoqchi. Mehnat qilgan kam bo’lmaydi, deydi Maykl Ror.

“Biz o’zimizni katta oziq-ovqat do’konlari bilan raqobatdosh deb ko’rmaymiz. Ularning ham bo’lgani yaxshi. Xaridor biz kabi kichik mahalliy bizneslarda sotib olib, ham bizni qo’llaydi, ham sog’lom, tabiy yo’l bilan yetishtirilgan mahsulot yeydi”,- deydi dehqon.

Ferma ishlarini yuritishda Stefani zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanadi.

O’z veb sahifasi orqali savdo qilishni ham yo’lga qo’ygan. U yerda mahsulotlarni reklama qiladi.

Stefani dam olish kunlari dehqon bozorida ham narsa sotadi.

So’nggi ikki yil ichida fermerning mijozlari juda ko’paydi. Odamlar mahalliy kichik xo’jaliklardan ko’proq oziq-ovqat mahsulotlari sotib ola boshladi, deydi Stefani.

“Ekin ekish, chorvachilik oson emas. Kunim shu yerda o’tadi. Qizim Oliviya ham mehnat qilish nima ekanini o’rganayapti. Oladigan daromadim aslida katta emas, lekin xarajatlarini qoplashga yetadi. Bir o’z foyda ham qilaman”,- deydi Stefani.

Stefani oilaviy xo’jalikni, o’z tirikchiligini boy bermoqchi emas. Biladiki, u yetishtirgan mahsulotlardan ham yaqinlari, ham butun mahalla kuy mamnun.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG