Breaking News

Hujjatsiz muhojirlar Amerikada hech kim qilmaydigan ishlarga yollanadi


Amerikada bugun 12 millionga yaqin hujjatsiz muhojir bor. Ularning aksariyati bu jamiyatdagi eng og'ir ishlarni qilib vatanida qolgan oilasini boqadi.
Amerikada bugun 12 millionga yaqin hujjatsiz muhojir bor. Ularning aksariyati bu jamiyatdagi eng og'ir ishlarni qilib vatanida qolgan oilasini boqadi.

Amerikaliklar noqonuniy muhojirlar masalasi bo’yicha asosan ikkiga bo’lingan.

Ba’zilar ularga hujjat berib, bu yerda non topishi uchun sharoit yaratilsin desa, boshqalar ularni vataniga qaytarish kerak deb hisoblaydi.

Lekin dehqonlar va chorvadorlar bu borada boshqacha fikrda. Bugun AQSh qishloq xo’jaligini migrant mehnatkashlar – arzon ishchi kuchisiz tasavvur qilish qiyin.

Hozir bu mamlakatda ham qovoq va boshqa poliz ekinlari yetishgan payt. Ularni terish, tozalash va qutilarga avaylab solib turli shtatlardagi katta do’konlarga yuborish – muhojirlar zimmasida.

Bu insonlar ham boshqalar kabi dunyoning bu qismiga imkoniyat, ish izlab kelgan.

Ko’pi bu yerda noqonuniy yashaydi. Mana bu kishi shu sabab ism-sharifini aytmaydi.

“Bu hayot uchun kurashdek bir gap. To’g’risini aytsam, rosa qiynaldim yetib kelguncha”, - deydi u.

Virjiniya shtati dalalarida ishlayotgan muhojirlar
Virjiniya shtati dalalarida ishlayotgan muhojirlar

Bu muhojir Meksikadan Amerikaning Virjiniya shtatiga kelish uchun oylab piyoda yurgan. Vositachilarga 2 ming dollar to’lagan.

Loreto Ventura bu ishchining xo’jayini. Ventura hozir AQSh fuqarosi, lekin 30 yil oldin bu davlatga u ham ruxsatsiz kirgan.

“Muhojirlik azob. Bu yerga ishlash uchun kelaman deb bor pulingizni berasiz. Hayotingiz xavf ostida. Kelib yana og’ir, qattiq mehnat qilasiz”,- deydi u.

Dala ishi haqiqatda og’ir. Muhojirlar kun bo’yi jaziramada ter to’kadi. Haftada 200-250 dollar topishadi. Pulning yarmi xo’jayinniki.

Hukumat qishloq xo’jaligida ishchi kuchi yetishmasligini tan olib, maxsus dastur ochib, fermerlarga hujjatsiz muhojirlarni yollashga ruxsat bergan. Lekin bu programmadan noliydiganlar ko’p.

“Bu dastur qabul qilinganda, jon deb qatnashamiz degan edik. Lekin bu oson emas. Murakkab, mujmal bir programma",- deydi bir fermer.

Bu ishchilar haftasiga 200-250 dollar topadi. Yarmi ish topib berayotgan vositachi - xo'jayinniki.
Bu ishchilar haftasiga 200-250 dollar topadi. Yarmi ish topib berayotgan vositachi - xo'jayinniki.

"U orqali ishimiz yengillashadi deya olmayman. Hosilni yig’ish kerak bo’lib turganda, odam kutib o’tira olmaymiz axir. Vaqt bu pul”.

Dalada ishlaydigan amerikaliklar esa deyarli yo’q. Ishlasa ham yaxshigina maosh talab qiladi. Fermerlar odam qidirib charchagan.

“Bu mamlakatda hech kim bolasi dehqon bo’lishini istamaydi”,- deydi ulardan biri.

Immigratsiya tizimini isloh qilish kerak deb chiqayotgan faollardan biri Jek Martin ahvoldan norozi. U noqonuniy muhojirlarga qarshi federatsiyaga yetakchilik qiladi.

“To’g’ri, ko’pchilik amerikaliklar bolasining dalada emas, katta idoralarda ishlashini istaydi, lekin bugun ishsiz yurgan odamlarga mana bu yerda ish bor deb, maosh taklif qilsangiz, ko’nmaydi deya olmaymiz”.

Jek Martin fikricha fermerlar noqonuniy muhojirlarni yollashining asosiy sababi, ular bu yerda huquqsiz, hujjatsiz odamlar. Qancha past maosh to’lasangiz ham ishlaydi. Ular shikoyat qila olmaydi.

“Davlat programmasida qatnashish fermerga mas’uliyat yuklaydi. Ishchilarni eza olmaysiz, ularga imtiyozlar berishingiz, ularni hurmat qilishingiz kerak. Qolaversa, hukumatga dala ishini qilish uchun Amerika fuqarolari orasidan hech kimni topa olmayapman deb ko’rsata olishingiz shart “,- deydi u.

Noqonuniy muhojirlar masalasi o’tgan 20 yilda, ayniqsa, Amerikada juda katta muammoga aylandi. Ular bugun taxminan 12 million.

Ayrim shtatlar bu insonlarga qarshi keskin choralar ko’ra boshlagan. Muhojirlar qatorida fermerlar ham xavotirda. Biriga tirikchilik va maosh kerak, ikkinchisiga esa arzon ishchi kuchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG