G’ildirakli bizneslar zamondan rozi

  • Amerika Ovozi

Amerika ko’chalarida yuk mashinalarida ochilgan do’konlar asosan oziq-ovqat sotar edi. Endi kiyim-boshga ham o’tgan. Xaridor rozi.

Los Anjeles shahar markazida qatorasida turgan yuk mashinalari – savdo rastalari. Nimalarni topmaysiz u yerda. Oziq-ovqatdan tortib, poyabzalgacha… Kiyim sotish yaqingacha kuzatilmagan edi.

“Bu yerda xuddi katta kiyimxonadasiz... Narsalarni birma-bir ko’rib chiqasiz. Zo’r,” - deydi bir xaridor.

Jordana Fortaleza “Jey-Di-Lyuks” moda do’koni sohibasi.

“Qo’lda yasalgan taqinchoqlar ko’p, kiyim va sumkalar ham bor”.

“Har bir mahsulotning o’z jihati va o’z egasi bor,” - deydi yana bir xaridor.

Yuk mashinasi sotib olish joyni ijaraga olishdan arzonroq, deydi Fortaleza. Yana bir ajoyib tomoni bor, deydi u.

“Xaridorlar oldiga o’zingiz borasiz-da. Shunisi zo’r”.

Qiyinchiliklar ham yo’q emas.

“Eng katta to’siq – ob-havo. Sovuq kunda hech kimning ko’chaga chiqqisi kelmaydi. Demak, xaridor ham yo’q,” - tushuntiradi Fortaleza.

Yuk tashuvchi mashinani vaqti-vaqti bilan ta’mirlab turmasa bo’lmaydi. Oddiy do’kondan farqli ravishda u kutilmaganida buzilishi mumkin. Bu holda ish to’xtaydi.

G’ildirakli do’kon sohibasi Steysi Steff shunday muammoga duch kelib, ishining barakasi ketdi.

“Yiliga kamida bir marta avtomobil sozlash shahobchasiga borishga majburmiz. Mashinamiz eski”.

Steff 38 yil oldin chiqarilgan yuk mashinasini xarid qildi-da, Los Anjeles ko’chalarida kiyim sota boshladi. Biznes-sherigi Janin Romo bilan birgalikda u g’ildirakdagi do’konlar uyushmasini tuzdi. Uyushmaga 50 dan ziyod biznes a’zo. Iqtisod chatoq ekan, g’ildirakdagi do’konlarga talab yomon emas.

“Ko’plar oddiy do’konlar o’rniga yuk tashuvchi mashinalarini afzal ko’ryapti. Chunki shu tariqa biznesni davom ettirish mumkin,” - deydi Steff.

Bu bizneslar internetda kiyim-kechak sotadigan internet saytlar bilan raqobatda. Kaliforniya Moda Uyushmasi rahbari Ilza Metchek fikricha, bozor kengaygani sari imkoniyatlar ham ortadi. Gap xaridorni qarata olishda va uni pul sarflashga undashda. Internet yoki mashinalardanmi, marketing yaxshi yo’lga qo’yilsa, marra sizniki.

“Odamlar g’ildirakdagi do’konlarga qarab kutilmaganda biror mahsulotga mahliyo bo’lishi va sotib olishi mumkin”.

G’ildirakdagi do’konlari orqali nafaqat kiyim, balki boshqa narsalar sotish mumkin, deydi Steff.

"Faqat moda va kiyim sohasida emas, balki har turdagi biznesni yuk tashuvchi mashinalar yordamida yuritish mumkin. Oddiy do’konlarga hojat yo’q”.

G’ildirakdagi dokonlar bilan shahar hokimiyati ham qiziqib qoldi. Steysi Steff bosh-qosh uyushma hozirda bu sohani tartibga soluvchi yangi qonunlar yuzasidan hokimiyat bilan muzokarada.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG