AQShda abort qiladigan muassasa bosim ostida

  • Amerika Ovozi

AQSh byudjeti hisobiga ishlaydigan ayollar salomatligi tashkiloti qizg’in mubohasalarga sabab bo’ldi. Gap shundaki, bu tashkilot xodimlari ayollar abort qilganida olingan homila hujayralari masalasini muhokama qilgani videoga tushirilgan va keng jamoatchilikka taqdim etilgan. Videoni maxfiy ravishda tushirgan tomon - abortga qarshi guruh embrion hujayralari pullanadi, deya da’vo qilmoqda. Tashkilot buni inkor etmoqda. Abort qilingan homila qoldiqlarini pullash mumkin emas. Ammo bunday material jiddiy tibbiy tadqiqotlar olib borish imkonini beradi.

Montaj qilingan video maxfiy ravishda olinib, Tibbiy progress markazi nomli abortlarga qarshi guruh tomonidan tarqatildi.

O’zini xaridor deb tanishtirgan guruh a’zolari “Planned Parenthood” tashkiloti xodimlari homila bo’laklarini tibbiy tadqiqotlar uchun sotish masalasini ular bilan muhokama qilganini ta’kidlamoqda. “Planned Parenthood” davlat byudjetidan mablag’ oladi va ayollarga tibbiy xizmat ko’rsatadi.

Ayblov asossiz, deya bildirmoqda bu tashkilot, to’lanadigan pul esa xarajatlarni qoplaydi.

“Bir narsaga oydinlik kiritmoqchiman. Tashkilotimizning homila bo’laklarini sotish haqdagi iddaolar mutlaqo asossiz,” - deydi "Planned Parenthood" xodimi Sesil Richards.

AQShda homila hujayralarini sotib, foyda ko’rish qonunga xilof. Tashkilotlar bunday materialni tadqiqot uchun hadya etishi mumkin, ayol rozilik bersa, albatta.

Ammo bunday amaliyotga qarshilar ko’p. Ayniqsa konservativ qarashga ega qonunchilar orasida.

"Bu insoniylikka oid masala,” - dedi bu xususida respublikachi senator Tom Skott.

““Planned Parenthood” tashkiloti tug’ilmagan bola tanasini pullamoqda,” - deydi ayovalik respublikachi senator Joni Ernst.

Ammo mamlakatda ko’p yillardan beri homilani o’rganish bo’yicha tibbiy izlanishlar olib boriladi. Natijada poliomelitga qarshi vaksina ishlab chiqildi. Parkinson va OITS kabi kasalliklar davosida jiddiy muvaffaqiyatlar bor.

Molekulyar biolog Akilesh Pande Jons Hopkins universitetidagi laboratoriyada homiladan olingan metariallar bilan ishlaydi.

“Bunday tadqiqotlar oqibatida erishilgan muvaffaqiyatlar hammamiz uchun foydali: bugunda homiladorlik analiz qilinadi, saraton biomarkerlari aniqlanadi, genetik kasalliklar davolanadi,” - deydi olim.

Homila hujayralari o’sib, kattalar kasallik oqibatida yo’qotgan hujayralar o’rnini bosishi mumkin.

“Ular inson miyasi, yuragi, suyaklariga kiritilganida davolash jarayonini boshlab beradi,” - tushuntiradi Pande.

Ammo abortga qarshilar homilani o’rganish ma’naviy va vijdonan noto’g’ri, deydi.

Arina Grossu Vashingtondagi Oilani o’rganish kengashidan.

“Muddatidan erta tug’ilgan bola yoki tug’ilgan bolaning kindik qonidan olingan hujayralarni ishlatsa bo’ladi. Ammo bunday hujayralarni olish jarayonida bola nobud bo’lsa yoki aynan shu maqsadda o’ldirilsa bu, albatta, noto’g’ri,” - deydi u.

Pande esa homilani o’rganish amaliyotini cheklash mumkin emas, degan fikrda.

“Bu biz erishgan yutuqlarni yo’qqa chiqarib, bizni ortga tashlaydi. Ko’p yillar yo’qotamiz, chunki homila rivojlanayotganidagi jarayonlar boshqa hech qayerda yuz bermaydi,” - deydi u.

Masala qizg’in muhokama qilinar ekan, doktor Pande homila hujayralari yordamida vaksinalar ishlab chiqish va behisob xastaliklarga davo topishga qaratilgan ishlarini davom ettiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG