Breaking News

AQSh moliya tizimini isloh qilishga doir muhim hujjat ma’qullandi


AQSh Senati moliya tizimini tubdan isloh qilib, nazoratni kuchaytirib, tanazzulning oldini olishga qaratilgan muhim qonun loyihasini ma’qullagan. Prezident Barak Obama kelasi hafta imzo qo’ygach, hujjat kuchga kiradi.

Amerika moliya sistemasini jilovlashga doir bu loyiha 2008 yilgi krizis takrorlanmasin deb ishlab chiqildi. AQSh Vakillar palatasi hujjatni yoz boshida tasdiqlagan, mana endi Senat ham rozilik bergan.

“Islohot”, - deydi prezident Obama - “iqtisodiy tanazzulga turtki bergan yashirin, qaltis bitimlarning oldini oladi. Bundan e’tiboran soliq to’lovchi - Amerika xalqi biznes ahlining kirdikori uchun javob bermaydi.

“Endi katta kompaniyalar qilmishi uchun mas’ul bo’ladi. Bu kabi moliyaviy institutlar haddan ziyod o’sib, butun davlatni domiga tortishiga yo’l qo’ymaymiz”, - deydi prezident Obama.

Respublikachi qonunchi Jon Boner bu xato chora deb hisoblaydi. “Hukumat biznesga aralashib, istagan kompaniyani musodara qilishi mumkin. Byurokratiya ko’payadi. Buning hech kimga keragi yo’q”, - deydi u.

Amerika Moliya vaziri Timoti Gaytner deydiki, qonun loyihasi nafaqat AQSh, balki jahon bozoriga ham ijobiy ta’sir qilishi aniq. Iqtisodiyot global tus olgan, Qo’shma Shtatlar xalqaro bozorda muhim rol o’ynar ekan, himoya choralarini ko’rishga majbur, deydi vazir.

Iqtisodiy islohot doirasida Amerikadagi banklar ishi ustidan kontrol kuchayadi – bu ish bilan yangi tuzilgan komissiya shug’ullanadi; sarmoyador va iste’molchi ko’proq himoya qilinadi.

AQShning Goldman Sachs sarmoya kompaniyasi ancha tortishuvdan so’ng bugun 550 million jarima to’lashga rozi bo’lgan. Kompaniya mijozlarni aldaganlikda, qaltis vaziyatda ko’chmas mulk bozoriga pul tikishga ko’ndirganlikda ayblangan. Goldman Sachs xususan 300 million dollarni AQSh hukumatiga, qolganini mijozlarga to’laydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG