AQSh Kongressi yana byudjet bahslari bilan yuzlashmoqda

  • Amerika Ovozi

Vakillar Palatasi spikeri, respublikachi Jon Beyner

Vakillar Palatasi spikeri, respublikachi Jon Beyner

Ikki hafta davomida Suriya mojarosi bilan band bo’lgan AQSh Kongressi e’tiborini yana hukumat byudjetiga qaratdi. Agar qonunchilar 1-oktabrgacha yangi kelishuvga erishmasa, federal hukumat pul yetishmasligi bois o’z ishini to’xtatadi. Shuningdek, kelajak haftalarda hukumatning qarz olishiga qo’yilgan cheklov ko’tarilmasa, mamlakat defoltga uchrashi, milliy kredit darajasi yana pasaytirilishi mumkin.
Prezident Obama yaqinda moliya sohasida qilinishi lozim bo’lgan ishlar haqida gapirdi.

“Federal byudjet masalasi hal qilinishi, qarzlar o’z vaqtida to’lanishi lozim. Ya’ni, AQShning kredit darajasiga to’liq ishonch saqlanib qolishi kerak”, - dedi AQSh rahbari.

Muammo shundaki, respublikachilar “Obama g’amxo’rligi” (Obamacare) nomini olgan va ko’plab amerikaliklarni sog’liq sug’urtasi bilan ta’minlaydigan dastur uchun pul ajratishni istamayapti. Yangi qonunning asosiy qismi 1-oktabrdan kuchga kirishi kerak. Vakillar palatasi spikeri Jon Beyner qonunni bekor qilish uchun barcha choralar ko’rilishini aytadi.

“Biz prezidentning sog’liqqa oid qonunini barbod qilish ahdida qat’iymiz. Bu qonun tibbiy xizmat ko’rsatish narxlarining oshishiga olib keldi, biznes egalarining yangi ish o’rinlarini yaratishiga to’sqinlik qilyapti”, - deydi Beyner.

Senatni nazorat qiluvchi demokratlar esa, agar sog’liq tizimi uchun pul ajratilmasa, byudjetni ma’qullamaslik bilan tahdid solmoqda. Senat Byudjet qo’mitasi rahbari Petti Murrey bu haqda shunday deydi:

“Beyner biz yo’limizdan qaytmasligimizni, qarzga qo’yilgan cheklov bo’yicha murosaga bormasligimizni va mamlakat iqtisodiyotidek muhim masala ustidan partiyabozlik qilish ahmoqlik ekanini anglab yetadi, degan umiddamiz”, - deydi senator.

2010-yilda qabul qilinganidan beri respublikachilar “Obama g’amxo’rligi” qonunini kuchdan qoldirishga urinib keladi. Qonunning muhim qismi amalga tatbiq etilishi arafasida ular byudjet ustidagi tortishuvlarni qonunni to’xtatish yo’lidagi so’nggi chora sifatida ko’rmoqda. Senatdagi respublikachilar sardori Mich Makkonel qonunga tish-tirnog’i bilan qarshi chiqayotganlardan:

“Yangi ish o’rinlarini barbod qiladigan bunday qonunni butunlay to’xtatamiz”, - deydi u.

Barcha respublikachilarning qonun bo’yicha qarashlarini bir xil deb bo’lmaydi. “Choychilar” guruhiga mansub o’ta konservativ qonunchilar shu islohotni deb hukumatni ishdan to’xtatishga ham rozi bo’lsa, mo’tadil qarashdagi respublikachilar bunday qarshilikning salbiy siyosiy oqibatlaridan xavotirda.

Demokrat senator Richard Durbinga ko’ra, agar spiker Beyner har qanday yo’l bilan bo’lsa ham sog’liqni saqlash qonunini to’xtatish qarorida qat’iy turib olsa, buning oqibati republikachilar uchun og’ir bo’ladi.

“Buning tovonini to’laydi ular. Bunday to’lov 2014-yilgi saylovlarda keladi”, - deydi u Kongressga saylovlarni nazarda tutib.

Ammo bular, shunchaki, qo’rqitish maqsadida aytilayotgan quruq gaplar, deydi Vashingtondagi “Heritage” jamg’armasi vakili Den Xoller.

“Respublikachilarning 2010-yilda saylanib, so’ng 2012-yilda yana qayta saylanishi sababi shundaki, odamlar ularning prezident Obamani nazorat qilib turishlarini va sog’liqqa oid qonunga qarshi chiqishlarini istaydi”, - deydi Xoller.

Demokratlar esa partiyabozlik oqibatida mamlakat iqtisodiyoti zarar ko’rayotganini ta’kidlaydi.

“2012-yilning noyabrida bir so’rov o’tkazilgandi. O’shanda prezident yutib chiqdi. Ammo sizning bu masalada uzoqni ko’zlamasdan tutgan mavqeingiz hukumatning ishini davom ettirishiga tahdid solmoqda hamda AQShning kredit reytingini xavf ostiga qo’ymoqda”, - deydi Vakillar palatasidan demokrat Steni Xoyer.

Ikki partiya vakillarining byudjet bo’yicha kelishuvga qanday erishishi hali noma’lum.
Sog’liqni saqlash qonunini vaqtinchalik pul bilan ta’minlash haqida qonun qabul qilish muammoning yechimlaridan biri bo’lishi mumkin. Ammo konservativ respublikachilar bunday choraga ham keskin qarshi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG