Vashingtondagi moliyaviy bahslar savdo ahlini xavotirga solmoqda

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama Vakillar Palatasi spikeri Jon Beyner bilan

Prezident Barak Obama Vakillar Palatasi spikeri Jon Beyner bilan

Prezident Barak Obama Osiyo safaridan qaytib, “moliyaviy jarlik” deya ta’riflanayotgan inqirozni bartaraf etish uchun respublikachilar bilan muzokaralarni davom ettiradi.

Kongressdagi har ikki partiya masala bo’yicha kelishuvga erishishni istayotgandek ko’rinsa-da, vaziyat iste’molchi va savdogarlarni birdek tashvishga solmoqda. Yil oxirida kuzatiladigan an’anaviy qizg’in savdo mavsumi boshlanar ekan, mamlakatning yangi yildagi moliyaviy ahvoli qanday bo’lishi hanuz noma’lum.


Do’kon egalari yil oxirida chegirma bilan sotiladigan mollardan yaxshi daromad qiladi. So’nggi ikki oyda sotiladigan mahsulotlar ayrimlar uchun bir yillik daromadining qariyb yarmini tashkil etadi.

Ammo mamlakatning moliyaviy ahvoli savol ostida ekan, xaridorlar kamroq xarajat qilishi mumkin. Kompaniyalar ko’proq mijoz yig’ish taraddudida.

“Konferens Bord” nomli savdo guruhi so’zlovchisi Lin Frenko gapiradi:

“Odamlar kamroq bozor qilarmikan, degan hadik bor. Shu bois savdoni ko’tarishga qaratilgan tashviqotlar avjida”.

Ayrim do’konlar “qora juma” deb ataladigan chegirmali savdoni bir kun oldin boshlamoqchi.

Chakana savdo federatsiyasi vakili Keytsi Grennisning aytishicha, odatda, Shukronalik bayramidan bir kun o’tib boshlanadigan chegirmali savdoni erta boshlash xaridorlarga yengillik beradi. Bu savdo hajmini oshirishga ham hissa qo’shishi mumkin.

“Federatsiya bu yil savdo 4,1 foizga ko’p bo’lishini kutmoqda. O’tgan yilgi mavsumda o’sish 5,6 foiz edi. Bu yil bir oz kam bo’lishi mumkin. Iqtisodiy va siyosiy noaniqliklar bor, lekin shunga qaramay, umidimiz katta”, - deydi federatsiya vakili Grennis.

Ayrim xaridorlarning aytishicha, hukumatning moliyaviy muammolari ularning xarajatlariga ta’sir qilmaydi.

Chakana savdo tashkilotlari ma’lumotiga ko’ra, o’rtacha amerikalik bu yil bayram mavsumida 750 dollar xarajat qiladi. Bu o’tgan yilga qaraganda 10 dollar ko’p.

“Men bundan tashvishlanayotganim yo’q”, - deydi xaridorlardan biri.

“Ayrimlar har yilgidek bu safar ham haddan ziyod sarf qilishi mumkin”, - deydi yana bir xaridor.

Savdogarlar shunday bo’lishidan umidvor. AQSh iqtisodiyotining asosiy tayanchi iste’molchilar. Mutaxassislarning tashvish bilan aytishicha, ishsizlik, yuqori narxlar va moliyaviy munozaralar aholining iste’mol quvvatini zaiflashtirishi mumkin. Ammo 2013-yilning dastlabki choragigacha buning oqibatlari sezilmaydi, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG