Byudjet to’g’rilanmasa, AQShda yangi yildan soliqlar oshadi

  • Amerika Ovozi

AQSh biznes yetakchilari Kongressni mamlakat byudjetiga oid masalalarni zudlik bilan hal qilishga chorlamoqda. Ikki hukmron partiya kelishuvga erishmasa, 1-yanvardan barcha uchun soliqlar oshadi, ijtimoiy va harbiy dasturlar kesiladi.

Biznes yetakchilar ishni tezlashtiring deya to’g’ridan-to’g’ri Kongressga borishdi.

Kichik bizneslar uyushmasi rahbari Kris Xolmanning ta’kidlashicha, siyosatni, tarafkashlikni chetga surish kerak.

Sug’urta kompaniyasi rahbari Mark Bertoliniga ko’ra, kutib o’tirish qimmatga tushadi.

“Bir qarorga kelish uchun 802 soat vaqtimiz bor. Yana bir iqtisodiy krizis va minglab odam ishidan ayrilishi haqida gap ketayapti”, - dedi u.

Ertangi kunga ishonch bo’lsa, biznes muhit ham yaxshilanadi.

Kris Xolmanning aytishicha, mavhumlik bozorni, biznesni o’ldiradi. “Qonunchilar tezroq harakat qilsin, biz kutayapmiz”.

Muammoni qanday hal qilish bo’yicha fikrlar qarama-qarshi. Respublikachilarning da’vo qilishicha, boylarga ko’proq soliq solinishi minglab odamni ishdan ayiradi.

“Prezident bir million kichik bizneslarning solig’ini oshirishni taklif qilayapti. Axir ular aholining 25 foizini ish bilan ta’minlab kelayapti”, - deydi senator Jon Tyun.

Demokratlarga esa raqib partiya olg’a surayotgan yechimlar ma’qul emas. Ijtimoiy dasturlarni kesishdan o’rtahol va kambag’al fuqarolar aziyat chekadi, deydi ular.

Senator Petti Murrey byudjet kamomadini oddiy oilalar hisobiga kamaytiradigan hujjatga men qo’l qo’ymayman, odamlar shundoq ham og’ir ahvolda, deya bayon qildi.

Kelishuv imzolanmasa, yangi yildan hammaning solig’i oshishi, yuzlab dasturlar qisqarishi kutilmoqda. “Moliyaviy jarlik” deb atalmish bu ssenariyni bartaraf etish zarur.

Prezident Obamaning aytishicha, aks holda kelasi yildan har bir oila ikki ming dollar ko’proq soliq to’laydi. Bu degani – oila byudjeti kamayadi. Bozor qilishga, dori-darmonga, bolalarga.

Obama xalq uning tarafida ekanini namoyish etish uchun bir guruh o’rtahol amerikaliklarni Oq uyga taklif etdi. Senatda respublikachilar yetakchisi Mitch Makkonnel fikricha, vaqt boy berilayapti.

“Prezident yaxshisi Kongressga kelib, har ikki partiya vakillari bilan uchrashsin.

Saylov kampaniyasida qilgan eski gaplardan hozir nima foyda”?

2013-yil kirib kelishiga oz qoldi. Qo’shma Shtatlar qarzga botib ketayotgani hammani tashvishga soladi.

Prezident Obama ikki hafta oldin Kongress yetakchilari bilan muzokarani boshlab yuborgan. Shundan beri hali biror yangilik yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG