AQShda tumov mavsumi erta boshlandi

  • Amerika Ovozi

AQShda kuchli tumov mavsumi boshlanmoqda. Ayniqsa, Chikago va Boston shaharlarida ahvol og’ir. Har yili mamlakatda, taxminan, 36 ming odam grippdan vafot etadi. Dunyo bo’ylab esa bir yilda halok bo’luvchilar soni yarim millionga teng.

Massachusets AQShda gripp keng tarqalgan 41 shtatdan biri. Boston meri Tom Menino shaharda favqulodda holat e’lon qildi.

“Bostonda sog’liq bo’yicha favqulodda holat e’lon qilaman. So’nggi xabarlarga ko’ra, tumov mavsumi juda qattiq bo’ladi”, - dedi shahar meri.

Sharqiy Pensilvaniyadagi kasalxonada gripp bilan og’riyotgan bemorlar uchun maxsus palatka o’rnatildi.

Chikagodagi ko’plab kasalxonalar esa bunday bemorlarni qabul qilmay, boshqa klinikalarga yubormoqda.

Amerika gripp iskanjasida. To'q qizil vaziyat juda og'ir bo'lgan, ochroq qizil esa tarqalish darajasi yuqori shtatlardir.

Amerika gripp iskanjasida. To'q qizil vaziyat juda og'ir bo'lgan, ochroq qizil esa tarqalish darajasi yuqori shtatlardir.

Jorj Vashington Universiteti kasalxonasi shifokori Mark Sigelga ko’ra, tumov mavsumi butun dunyoda kuzatiladigan narsa. Yilning eng sovuq paytida boshlanadi, deydi u.

“Odatda, Sharqiy Yevropada boshlanib, so’ng G’arbiy Yevropaga ko’chadi. U yerdan g’arb tomonga, AQShga yetib keladi. Hozir xalqaro sayohatlar bois hamma joyga tez tarqalyapti”, - deydi doktor.

Doktor Sigel tumov belgilarini quyidagicha tasvirlaydi.

“Gripp bo’lgan odamning, odatda, mushaklari og’riydi. Bosh og’rig’i, kuchli isitma kuzatiladi. Tomoq og’rishi, burunning oqishi, yo’tal ham bo’lishi mumkin. Lekin boshqa viruslarda ham shunday alomatlar uchrashi mumkin”, - deydi shifokor.

“Dahshatli tomoq og’rig’i, quloqlarim, boshim, butun badanim og’riyapti”, - deydi bir bemor ayol.

“Uyquda halovat yo’q. Besh-olti kun rosa qiynalasiz. Juda yomon narsa”, - deydi yana bir bemor.

Agar tumov o’g’ir kechsa, masalan, nafas olish qiyinlashsa, bemorlar doktorga uchrashi kerak, deydi shifokorlar. Ular, shuningdek, tumovga qarshi dori olishni tavsiya qilishadi.

Doktorlar tumov yosh bolalar va keksalarda og’ir o’tishini aytishadi.

Dallaslik olti yashar qizaloq doktor ko’rigiga kelganidan bir necha soat o’tgach vafot etdi. Unga “gripp” deya tashxis qo’yilgan edi, deydi qizchaning buvisi Veleta Jonson.

“Tomog’ini, qulog’ini tekshirishdi. Jiddiy muammo yo’q edi. Gripp bo’lgan, deb nima qilish kerakligi haqida ko’rsatma berishdi”, - deydi u.

Tumov mavsumi bu yil endi boshlanyaptimi yoki avjiga chiqdimi, bu haqda shifokorlar hali hech narsa bilmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG