Yordamni qanday berish kerak? AQSh masalani qayta ko’rib chiqmoqda

  • Amerika Ovozi

Mana qariyb 60 yildan buyon AQSh dunyo bo’ylab ocharchilikda yashayotgan odamlarga gumanitar yordam yetkazib keladi. Ammo ayrimlar nazarida madad ajratishdan samara bo’lmayapti. Masala hozir Kongressda muhokamada. O’zgarishlarga qarshi chiqayotganlar ham yo’q emas.


Ocharchilik boshlandimi, demak, tezlikda yordam berish kerak. AQSh dunyoda eng ko’p gumanitar yordam ajratadigan davlat, lekin tezkorlikka kelganda oqsaydi.

Buni USAID, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi sobiq rahbari Endryu Natsios e’tirof etadi:

“Oziq-ovqat vaqtida yetkazilmagani sabab bolalarning nobud bo’lganini o’z ko’zim bilan ko’rganman. Yordam 2-3 oyda yetib boradi. Dahshat… Tizimni o’zgartirmasak bo’lmaydi”.

Natsios Kongressdan ayrim talablarni o’zgartirishni so’radi. Mavjud qoidalarga ko’ra, gumanitar yordam faqat AQShda yetishtirilgan mahsulot bo’lishi kerak va faqat AQShga qarashli vositalarda jo’natilishi kerak. Bu sekin va qimmat. Mablag’ning yarmi shunga ketadi.

Oziq-ovqat yetib borganida esa mahalliy dehqonlar aziyat chekishi mumkin.

“CARE” xalqaro madad tashkiloti prezidenti Helen Geyl:

“Mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatga bardosh bera olmasligi mumkin. Demak, mamlakat qishloq xo’jaligidagi ahvol yomonlashadi. Uzoq muddatli taraqqiyot nuqtai nazaridan bu zararli jarayon”.

Vaholanki mahalliy fermerlar o’z mahsulotini USAID kabi agentliklarga sotishi mumkin.

Emiliana Aligaysha Tanzaniyadan, dehqon. Jahon oziq-ovqat dasturi nomli BMT tashkiloti u yetishtirgan loviyani sotib oladi va Kongo Demokratik respublikasidagi och-nahorlarga tarqatadi.

“Qiynalayotgan odamlar uchun oziqa. Fermerlar bunday odamlarni qo’llab-quvvatlashi kerak,” - deydi u.

Aligaysha shu kunlarda Vashingtonda. “Oxfam” xalqaro gumanitar tashkiloti taklifi bilan kelgan.

Kichik fermer xo’jaliklari sohiblariga biznes qilish imkonini yaratish orqali kambag’allik ko’lamini kamaytirish mumkin, deydi u.

“Bu odamlarga umid beradi, ular bundan ham og’irroq mehnat qiladi. Bu holda biz oila, jamiyat va mamlakatda ochlar sonini kamaytirishga qodirmiz. Hatto qo’shni mamlakatlarda ham,” - deydi ishonch bilan dehqon ayol.

Mahalliy fermerlar mahsulotini sotib olish yoki och odamlarga pul yoki vaucher tarqatish kerak degan taklif olg’a surilmoqda.

Ammo taklifga qarshi chiqayotganlar ham yo’q emas.

Kongressning respublikachi a’zosi Jeff Dankan:

“Rivojlanayotgan mamlakatdagi odamga pul yuborish amerikalik fermer yetishtirgan foydali, sog’lom mahsulotni yuborishdan qanday qilib yaxshiroq bo’lishi mumkin?”

AQShda ko’plab dehqon, oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi va madadni dengiz orqali xorijga yetkazuvchilar ham bu taklifga qarshi chiqmoqda.

Demak, Emiliana Aligaysha kurashni davom ettirishga majbur.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG