Qo’shma Shtatlar Fors ko’rfazidagi harbiy kuchlari sonini oshirgan

  • Amerika Ovozi

Eron askarlari raketa sinovini olqish bilan qarshi olmoqda. 3-iyul, 2012-yil.

Eron askarlari raketa sinovini olqish bilan qarshi olmoqda. 3-iyul, 2012-yil.

AQShning “Nyu-York Tayms” gazetasida xabar berilishicha, Qo’shma Shtatlar Fors ko’rfazidagi harbiy kuchlari sonini oshirgan. Maqsad Eronning Xo’rmuz bo’g’ozini to’sishga qaratilgan ehtimoliy urinishlari oldini olish. Dunyo neftining 35 foizi shu bo’g’ozdan o’tadi.

Ayni paytda rasmiy Tehron o’rta masofaga uchadigan ballistik raketalar sinovini muvaffaqiyatli amalga oshirganini aytmoqda. Mutaxassislarga ko’ra, ushbu raketalar Isroil va AQShning hududdagi harbiy bazalarini nishonga olish quvvatiga ega.

Eron Inqilobiy gvardiyasi rahbarlaridan birining aytishicha, sinovda ishtirok etgan “Shahob-3” raketasi 1300 kilometrli masofani muvaffaqiyatli uchib o’tgan. So’nggi ikki kun davomida qisqaroq masofaga uchuvchi “Shahob-1” va “Shahob-2” raketalari ham sinovdan o’tkazilgan.

Inqilobiy kuchlar qo’mondoni o’rinbosari Husayn Salomiyning ta’kidlashicha, harbiy mashg’ulotlardan maqsad Eron mudofaa qudratini dunyoga ko’rsatib qo’yish.

G’arb Eronni yadro qurolini yaratish yo’lidan ketayotganlikda ayblaydi. Isroil, agar diplomatik sa’y-harakatlar natija bermasa, Eronni hujumga tutishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. 1-iyuldan boshlab Yevropa Ittifoqining Eron neftiga qarshi embargosi to’liq kuchga kirdi.

Pentagon so’zlovchisi kapitan Jon Kirbining aytishicha, hozir Fors ko’rfazida AQShning mina tozalovchi sakkizta harbiy kemasi bor. Hozircha mintaqada Eron tomonidan hali biror g’ayrioddiy faoliyat kuzatilgani yo’q, deydi Kirbi.

“Eron bunday harbiy mashg’ulotlarni oldin ham amalga oshirgan va biz bunda provokatsion maqsadlarni ko’rmayapmiz”, - deydi Pentagon vakili.

Yaqin Sharqda tinchlikni saqlash va ittifoqdosh davlatlar bilan mavjud harbiy hamkorlik doirasida AQShning hududda 40 mingdan ortiq askari mavjud.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG