Amerika tashqi yordami nimani ko'zlaydi?

  • Amerika Ovozi

USAID - AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi

USAID - AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi

Rossiya AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining demokratiya dasturlarini saylov jarayoniga g’ov deya, mamlakatdan haydamoqda. Bu kabi da’volar yangilik bo’lmasa-da, AQSh rasmiylariga ko’ra, xorijiy yordam dasturlari siyosiy muxolif guruhlarni qo’llab-quvvatlashga emas, balki fuqarolarning demokratik jarayonlardagi ishtirokini oshirishga va munozaralarni tinch yo’l bilan hal etishga qaratilgan.



Sovet Ittifoqi qulaganidan so’ng Rossiyada hokimiyatga kelgan rahbarlar AQShdan demokratiyani o’rnatish va erkin bozorga o’tishda yordam so’ragan.

So’nggi 20 yilda saylovlarni kuzatish guruhlari, inson huquqlari tashkilotlari va korrupsiyaga qarshi loyihalar qisman AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi hisobiga moliyalangan. Jami 2,6 milliard dollardan ko’p pul sarflangan.

Rossiyaning amaldagi rahbari Vladimir Putin agentlikni muxolif guruhlarga yordam berish orqali saylov jarayoniga aralashayotganlikda ayblab, uni yopishga buyurdi.

Vashingtondagi Gudzon instituti tahlilchisi Deyvid Satterning aytishicha, agentlik siyosiy tarafkashlik bilan shug’ullanmaydi. Aksincha, deydi u, uning dasturlari yuridik, tinch va demokratik vositalar yordamida siyosiy sahnadan chetda qolgan guruhlarga o’z pozitsiyasini bildirishda ko’maklashishga qaratilgan.

"Shunday guruhlar vositasida odamlarda o’z huquqlarini himoya qilish uchun bilim va ishonch paydo bo’ladi", - deydi Satter.

Yil boshida Misrni vaqtincha boshqargan harbiy kengash AQShga qarashli demokratik va inson huquqlari guruhlarini jazolashga harakat qildi. Biroq Qo’shma Shtatlarning kuchli diplomatik bosimi ostida bir necha haftadan so’ng bu ishdan voz kechdi.

Amerika universitetining Xalqaro aloqalar fakulteti dekani Jeyms Goldgeyerning aytishicha, xalq noroziligining kuchayishi bilan bir paytda hokimiyatni qo’ldan chiqarmaslikka harakat qilayotgan rahbarlar odatda AQShning demokratik dasturlariga eng ko’p qarshilik bildiradi.

"Agar siz avtoritar rahbar bo’lsangizu, fuqarolik jamiyatini barpo etishga intilayotgan guruh sizning hokimiyatda ortiq qolmasligingiz uchun harakat qilayotgan odamlarga yordam berayotgan bo’lsa, bu guruhdan qo’rqishingiz tabiiy", - deydi olim.

Venesuela prezidenti Ugo Chaves ham AQShning demokratiyaga qaratilgan tashabbuslariga e’tiroz bildirib keladi. Uning aytishicha, ular Chavesning sotsialistik tuzumiga qarshi qaratilgan. Tahlilchi Goldgeyerga ko’ra, Qo’shma Shtatlar chindan o’zgacha mafkurani targ’ib qiladi.

"Qo’shma Shtatlar, umuman olganda, demokratiya, bozor iqtisodiyoti, qonun ustuvorligi va inson huquqlarini qo’llab-quvvatlaydi. Agar biror hukumatga bular to’g’ri kelmasa, muammoning kelib chiqishi aniq", - deydi tahlilchi.

Goldgeyerning aytishicha, Qo’shma Shtatlar siyosiy tarafkashlik bilan shug’ullanmaydi, ammo ko’pchilik hokimiyatini va ozchilik huquqlarini ta’minlovchi demokratik tamoyillarni yaratish jarayonini qo’llab-quvvatlaydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG